Toshkent aeroportida robot-barista paydo bo‘lishi mumkin
Toshkent aeroportida robot-barista paydo bo‘lishi mumkin
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Uzbekistan Airports elektron platforma — E-auksion orqali “Toshkent” xalqaro aeroportidagi ayrim maydonlarni ijaraga berish bo‘yicha yangi lotlarni joylashtirdi.
Aeroportning asosiy hududida havo kemalari uchun konteynerlar hamda texnik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar uchun mo‘ljallangan 30 va 53 kvadrat metrlik xonalar savdoga qo‘yildi.
Ularning yillik boshlang‘ich ijara bahosi mos ravishda 144 million va 254 million so‘mni tashkil etadi.
Bundan tashqari, xalqaro reyslar parvozlar terminalida qahva tayyorlaydigan robotlashtirilgan kichik kiosk o‘rnatish rejalashtirilgan. Bu maqsadda 3 kvadrat metrlik maydon auksionga qo‘yildi.
Uzbekistan Airports matbuot xizmati taʼkidlashicha, ijaradorlar texnik topshiriq talablariga qatʼiy rioya qilishi shart. Savdolarda ishtirok etish shartlari, kompaniyalarga qo‘yiladigan talablar, boshlang‘ich narxlar va savdo qoidalari E-auksion saytida joylashtirilgan.
Reglamentga ko‘ra, savdo jarayonida boshlang‘ich narxlar kamida 10 foizga oshishi mumkin.
Auksionlar 2025 yil 7 oktyabrda bo‘lib o‘tadi.