“Toshavtobustrans” MCHJ tog‘li hududlarda xavfsiz tashishlar uchun zamonaviy Ford mikroavtobuslarini joriy etmoqda
“Toshavtobustrans” MCHJ tog‘li hududlarda xavfsiz tashishlar uchun zamonaviy Ford mikroavtobuslarini joriy etmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyatida tog‘li hududlarda yo‘lovchi tashish tizimini modernizatsiya qilish yo‘lida navbatdagi qadam qo‘yildi.
“Toshshahartransxizmat” AJ huzuridagi “Toshavtobustrans” MCHJ hududiy transport infratuzilmasini rivojlantirish va ekoturizmni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida “Ford” rusumidagi 20 ta zamonaviy mikroavtobusni xarid qildi.
“Chinorkent–Yusufxona–Chimyon–Amirsoy” yo‘nalishi murakkab tog‘li hududlar orqali o‘tgani sababli yo‘lovchilar xavfsizligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Mikroavtobuslarning ishonchliligi va qulayligini baholash maqsadida sohaviy tashkilotlar mutaxassislari hamda tajribali tashuvchilar ishtirokida sinov reyslari o‘tkazildi.
Sinov natijalariga ko‘ra “Ford” rusumidagi texnika eng maqbul deb topildi: quvvatli dvigatel, zamonaviy tormoz tizimi va qulay salon xavfsiz hamda qulay harakatlanishni taʼminlaydi.
Yangi mikroavtobuslar mahalliy aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmati sifatini yaxshilash bilan birga, hududdagi mashhur tabiiy va tarixiy maskanlarga tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun ham qulay shart-sharoit yaratadi.
Uzoq muddatli istiqbolda mazkur tashabbus ekoturizmni rivojlantirishga, yangi ish o‘rinlari yaratishga va Toshkent viloyati aholisi hayot sifati oshishiga xizmat qiladi.