Valyuta kurslari 05/12/2025
$1 – 11963.23
UZS – 0,43%
€1 – 13970.66
UZS – 0,7%
₽1 – 155.35
UZS – 1,28%
Qidirish
Tolimarjon IESda yirik quvvatli energetika loyihasi ishga tushirildi

Tolimarjon IESda yirik quvvatli energetika loyihasi ishga tushirildi

Tolimarjon IESda yirik quvvatli energetika loyihasi ishga tushirildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bugun Xalqaro kongress markazida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda yangi energetika quvvatlari ishga tushirildi hamda navbatdagi yirik loyihalarning qurilishiga start berildi.

Marosimda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimidagi Tolimarjon IESda dunyoning yetakchi kompaniyalari hamkorligida, zamonaviy texnologiyalar asosida qurilgan 1065 MVt quvvatga ega bug‘-gaz qurilmasi rasman ishga qo‘shilgani eʼlon qilindi.

Qiymati 944,87 million AQSH dollarini tashkil etuvchi ushbu investitsiya loyihasi mamlakatimiz energetika tizimidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi. Prezidentimiz tomonidan sohaga qaratilgan doimiy eʼtibor tufayli 2023 yilda boshlangan qurilish ishlari qisqa fursat ichida amalga oshirilib, yuqori texnologiyali majmua foydalanishga topshirildi.

Loyihaning moliyalashtirilishi Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining kreditlari orqali taʼminlandi. Qurilish ishlari Ispaniyaning Intesa Ingenieria Industrial S.A., Yaponiyaning Mitsubishi Corporation va Turkiyaning Çalık Energy kabi yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Bug‘-gaz qurilmalari ishga tushirilishi natijasida korxona yiliga 8 milliard kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Energotejamkor texnologiyalar qo‘llanilishi evaziga yillik 300 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.

Yangi majmua Samarqand va Buxoro viloyatlari isteʼmolchilari, Qarshi magistral kanalidagi yettita nasos stansiyasi hamda bir qator aholi punktlarini barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlashga xizmat qiladi.

Qurilmaning ishga tushirilishi natijasida qo‘shimcha 200–250 ta ish o‘rni yaratildi. Uskunalar Yaponiya, Koreya, Xitoy va AQSHda ishlab chiqarilgan bo‘lib, to‘liq avtomatlashtirilgan boshqaruv va yuqori darajadagi energotejamkorlikka ega.

Loyihadagi gaz turbinalarining har biri 385 MVt, bug‘ turbinasi esa 185,7 MVt quvvatga ega. Shuningdek, ishlab chiqarilgan energiyani yagona milliy energotizimga barqaror uzatish maqsadida 500 kV kuchlanishga ega yangi ochiq taqsimlash qurilmalari ham barpo etildi.

Maʼlumot uchun: Loyiha Prezidentning 2020 yil 18 dekabrdagi “Tolimarjon IES” AJni umumiy quvvati 900 megavatdan kam bo‘lmagan ikki dona bug‘-gaz qurilmalari qurilishi orqali kengaytirish to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling