Valyuta kurslari 07/01/2026
$1 – 11968.59
UZS – 0,14%
€1 – 14020.01
UZS – 0,4%
₽1 – 147.74
UZS – -0,05%
Qidirish
Tojikistondan keltirilgan jami 32 kg narkotik modda ashyoviy dalil sifatida olindi

Tojikistondan keltirilgan jami 32 kg narkotik modda ashyoviy dalil sifatida olindi

Tojikistondan keltirilgan jami 32 kg narkotik modda ashyoviy dalil sifatida olindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona va ichki ishlar organlarini jalb qilgan holda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Tojikiston Respublikasidan kontrabanda qilingan giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi, 1984 y.t. fuqaroning Qo‘qon shahridagi yashash xonadoni ko‘zdan kechirildi.

Natijada xonadon oshxonasida 4 kg 572 gr “opiy” hamda 1 kg 58 gr “gashish” moddalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, unga tojikistonlik narkosavdogarlar “WhatsApp” messenjeridan yuborgan geolokatsiya orqali – muqaddam Dang‘ara tumani hududiga yashirib ketilgan 9 kg 980 gr “opiy” moddasi olindi.

Bundan tashqari, unga giyohvandlik vositalarini qayta ishlab, isteʼmolga tayyor holatga keltirish uchun yordam bergan, Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi, 1969 y.t. shaxs o‘zining yashash xonadonida narkolaboratoriya tashkil qilganligi aniqlanib, undan ham 7 kg 226 gr “opiy” moddasi olindi.

Boshqa holatda esa Qo‘qon shahri hududida harakatlanayotgan, 1980 y.t. mahalliy fuqaro boshqaruvidagi “Lacetti” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, unda muqaddam 34 ming AQSH dollariga sotib olingan 5 kg 22 gr “opiy” moddasi borligi maʼlum bo‘ldi.

So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, unga narkotik moddani sotgan, 1985 y.t. hamshahari va uning jinoiy sherigi bo‘lgan – 1985 y.t. Tojikiston Respublikasi fuqarosi qo‘lga olindi.

Shuningdek, tojikistonlik fuqaroning O‘zbekiston tumanidagi xonadonidan ham 2 kg 362 gr “opiy” moddasi olindi.

Qo‘qon shahrida qayd etilgan yana bir holatda “Neksiya” rusumli avtomashina to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi va unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, 1992 y.t. fuqaroga tegishli sumka ichida 982 gr “gashish” moddasi borligi maʼlum bo‘ldi.

Aniqlanishicha, u giyohvandlik vositasini muqaddam tojikistonlik narkokuryerlar tomonidan Qo‘qon shahri hududiga yashirib ketilgan xufiya joydan olgan.

Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa 2000 y.t. shaxs Tojikiston Respublikasidan olib kelingan 989 gr “gashish” moddasini xaridorga 150 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling