Tojikiston Prezidenti davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonda boʻladi
Tojikiston Prezidenti davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonda boʻladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon 26-27-mart kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda boʻladi.
Tashrif doirasida oliy darajadagi muzokaralar hamda Oʻzbekiston va Tojikiston yetakchilari raisligida Oliy davlatlararo kengashning birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtadi.
Boʻlajak tadbirlar kun tartibidan Oʻzbekiston – Tojikiston doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari oʻrin olgan.
Siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va hududlararo hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi hamda transport sohasida oʻzaro bogʻliqlikni rivojlantirish, suv va energetika xavfsizligini taʼminlash hamda keng koʻlamli madaniy va gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar hamda koʻp tomonlama formatlar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashadilar.
Shuningdek, bir qator yangi qoʻshma loyihalarni ishga tushirish koʻzda tutilgan, koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli toʻplami imzolanishi rejalashtirilgan.
#Shavkat Mirziyoyev