Timur Kapadze milliy terma jamoa bilan xayrlashdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston milliy futbol terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi va keyinchalik bosh murabbiy yordamchisi bo‘lib faoliyat yuritgan Timur Kapadze o‘zining Instagram sahifasida xayrlashuv murojaatini eʼlon qildi.
U murojaatida futbolchilarga, jamoa xodimlariga, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyatiga va muxlislarga ishonch, qo‘llab-quvvatlash va birgalikdagi mehnat uchun minnatdorlik izhor etdi.
«Terma jamoadagi vaqtim nihoyasiga yetdi. Bu yillar hissiyotlarga, g‘alabalarga va unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi.
Barcha muxlislirga doimiy qo‘llab-quvvatlash, energiya va jamoaga bo‘lgan ishonchlari uchun alohida minnatdorlik bildiraman. Bu yo‘lning bir qismi bo‘lganimdan faxrlanaman. Jamoaga kelajakda omad va yangi yutuqlar tilayman!», — deb yozdi Kapadze.
O‘FA maʼlumotlariga ko‘ra, murabbiy assotsiatsiya rahbariyatiga lavozimidan ozod etish haqida iltimos bilan murojaat qilgan. U ichki chempionat klublaridan ham, xorijdan ham bir nechta takliflar olgan.
Yaqin vaqt ichida u faoliyatini bosh murabbiy sifatida davom ettirishni rejalashtirmoqda.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Timur Kapadzega milliy futbolni rivojlantirishdagi hissasi uchun minnatdorlik bildirdi va yangi kasbiy bosqichda muvaffaqiyat tiladi. Uning rahbarligida milliy jamoa muhim natijalarga erishdi va jahon chempionatiga yo‘llanma oldi.
2025 yil oktyabrda Fabio Kannavaro bosh murabbiy etib tayinlanganidan so‘ng, Kapadze milliy jamoa shtabida qoldi va italiyalik mutaxassisga moslashish jarayonida yordam berdi.