Timur Ishmetov: Rossiyadan oltin sotib olish haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Timur Ishmetov: Rossiyadan oltin sotib olish haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi
O‘zbekiston Rossiyadan oltin sotib olmayapti va uni qayta sotmayapti. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov maʼlum qildi.
Bundan avval The Economist nashrida O‘zbekiston go‘yoki Rossiyadan oltin xarid qilib, uni qayta sotish orqali Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tish imkonini yaratib bermoqda, degan maʼlumot tarqalgan edi.
Timur Ishmetov bu maʼlumotlarni rad etdi va mamlakat o‘zining yetarli miqdordagi oltin zaxiralariga ega ekanini, shu sababli xorijdan ushbu qimmatbaho metallni import qilmasligini taʼkidladi.
«Biz hech qachon xorijdan oltin sotib olmaganmiz va bunday rejamiz ham yo‘q. Bizda o‘zimizda yetarli oltin zaxirasi bor», — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bank The Economist tahririyati bilan bog‘lanib, tarqatilgan maʼlumotning haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini maʼlum qilgan. Shundan so‘ng nashr materialning tuzatilgan versiyasini chop etgan.