Texnikumlarda Germaniya mehnat bozori uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha bitim imzolandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 19-iyun kuni Germaniyaning Berlin shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Germaniyaning Saksoniya iqtisodiyoti o‘quv markazi (bsw Bildungswerk der Sächsischen Wirtschaft gGmbH) va Germaniya sayyohlik uyushmasi (DRV Deutscher Reiseverband e. V.) tashkilotlari o‘rtasida turizm sohasida xalqaro mehnat bozori uchun malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik bitimi imzolandi.
Bitimga muvofiq, Samarqand va Marg‘ilon turizm va madaniy meros texnikumlarida 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab 50 nafar o‘quvchi Germaniya ta’lim standartlari asosida o‘qitiladi. O‘quv jarayonida nemis tili chuqurlashtirilgan tarzda o‘rgatiladi.
Bundan tashqari, texnikumlarda qo‘shma o‘quv guruhlarini shakllantirish, zamonaviy o‘quv dasturlarini joriy etish, seminarlar va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etish, turizm sohasida bilim va tajriba almashish, texnikum oʻquvchilarini kasbiy rivojlanishlarida qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishlarida ham hamkorlik qilish rejalashtirilgan.
Texnikumni muvaffaqiyatli tamomlagan va nemis tili bo‘yicha tegishli sertifikatga ega bo‘lgan bitiruvchilarga Germaniya Federativ Respublikasidagi mehmonxonalar va boshqa turizm tashkilotlarida ishga joylashish imkoniyati yaratiladi.