“Temiryo‘lkargo” AJ va “IRT Chamber of Pakistan” o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Temiryo‘lkargo” AJ va “IRT Chamber of Pakistan” o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi.
Ushbu hujjat O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlash, xalqaro yuk tashish yo‘nalishlarini kengaytirish va mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Bitim asosida quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi:
O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida multimodal yuk tashuvlarini ko‘paytirish;
“Pokiston – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Shimoliy davlatlar” yo‘nalishi bo‘yicha yangi transport yo‘lagini rivojlantirish;
“Pokiston – Tojikiston – O‘zbekiston – Shimoliy davlatlar va boshqa mamlakatlar” yo‘nalishini shakllantirish;
Eksport, import va tranzit yuklar hajmini oshirish orqali savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish;
Har ikki mamlakatning transport infratuzilmasini rivojlantirish;
Multimodal, monomodal va intermodal tashuvlar sohasida qo‘shma mexanizmlar yaratish.
Bu strategik hamkorlik nafaqat O‘zbekiston va Pokiston iqtisodiyoti uchun, balki butun mintaqa uchun ham muhim ahamiyatga ega. U Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi yangi transport yo‘nalishlarini ochish, dengiz portlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish va xalqaro yuk tashish tizimining raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Tomonlar kelgusida qo‘shma transport-logistika loyihalarini amalga oshirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda mintaqaviy iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashga kelishib oldilar.
“Temiryo‘lkargo” AJ ushbu hamkorlik orqali O‘zbekistonning xalqaro logistika xaritasidagi mavqeini yanada mustahkamlash, yangi bozorlarga chiqish va yuk tashish xizmatlarini global darajada takomillashtirishga intilmoqda.