Valyuta kurslari 05/02/2026
$1 – 12265.77
UZS – 0,06%
€1 – 14492.01
UZS – 0,26%
₽1 – 159.07
UZS – -0,26%
Qidirish
Technovation Girls Uzbekistan maktab yoshidagi qizlar uchun xalqaro dasturning 10-mavsumiga qabulni boshladi

Technovation Girls Uzbekistan maktab yoshidagi qizlar uchun xalqaro dasturning 10-mavsumiga qabulni boshladi

Technovation Girls Uzbekistan maktab yoshidagi qizlar uchun xalqaro dasturning 10-mavsumiga qabulni boshladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda maktab yoshidagi qizlar uchun mo‘ljallangan Technovation Girls xalqaro ta’lim dasturining yangi mavsumi boshlandi. Dastur qizlarda texnologik, tadbirkorlik va liderlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan.

Loyihada mamlakatning barcha hududlaridan 8 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar ishtirok etishi mumkin — tayyorgarlik darajasi va tajriba muhim emas, ishtirok mutlaqo bepul. Dasturga ro‘yxatdan o‘tish 2026 yil 20 fevralga qadar ochiq.

Technovation Girls Uzbekistan loyihasi Tech4Impact nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi hamda Yandex Uzbekistan kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilmoqda.

Dastur ishtirokchilari ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan mobil ilovalar, sun’iy intellekt (AI) loyihalari va startaplar ustida ishlaydi. Loyihalar mavzulari iqlim o‘zgarishi, daraxtlarni kesish, maktablarda bulling, nogironligi bo‘lgan insonlarga yordam ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi. Barcha bosqichlarda qizlar IT, biznes, dizayn, pedagogika va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan tajribali mutaxassislar — mentorlar va ekspertlardan qo‘llab-quvvatlov oladi.

Dasturda ishtirok etish uchun qizlar va mentorlar Technovation xalqaro tanlovining rasmiy saytida ro‘yxatdan o‘tishlari kerak: https://my.technovationchallenge.org/

O‘quv dasturi uch oy davom etadi va ishtirokchilarga dasturlash asoslari, sun’iy intellekt, tadbirkorlik va dizayn-tafakkurni o‘rgatish, shuningdek jamoada ishlash va omma oldida chiqish ko‘nikmalarini rivojlantirishga yordam beradi. Bu yilgi mavsumda ta’lim asosan AI yo‘nalishi va startap biznes-modellarini o‘rganishga qaratilgan. Samarali va qulay o‘quv jarayoni uchun ingliz tilini bilish muhim hisoblanadi.

Ta’limning asosiy qismi onlayn formatda o‘tadi, bu esa O‘zbekistonning barcha hududlaridagi qizlar uchun ishtirok imkoniyatini yaratadi. Shu bilan birga, oflayn treninglar va seminarlar olti shaharda — Toshkent, Andijon, Qarshi, Namangan, Nukus va Farg‘onada o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Uchinchi yildirki, dastur ishtirokchilariga amaliy ekspertlik qo‘llab-quvvatlovini Yandex Uzbekistan kompaniyasi ko‘rsatib kelmoqda. Kompaniya xodimlari jamoalar uchun mentor sifatida ishtirok etadi hamda tezkor ko‘rib chiqish sessiyalari o‘tkazadi. Bu jarayonda qizlar o‘z loyihalari ustida ishlashni takomillashtirib, professional fikr-mulohazalar olish imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, bu mavsumda Yandex Uzbekistan AI Week — zamonaviy sun’iy intellekt instrumentlari, g‘oyalar generatsiyasi va texnologiyalarni loyihalarda qo‘llashga bag‘ishlangan ta’limiy tadbirlar seriyasini tashkil etadi.

Ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng, ishtirokchilar mustaqil ravishda yoki koordinatorlar yordamida 2 nafardan 5 nafargacha bo‘lgan jamoalarni tuzadi va mentor tanlaydi. Jamoalar bir shahar yoki turli shaharlardan bo‘lishi mumkin, uchrashuvlar onlayn yoki oflayn tarzda o‘tkaziladi. May oyida loyihalar himoyasi va g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi. Asosiy nominatsiyadan tashqari, Yandex Uzbekistan tomonidan maxsus mukofotlar ham taqdim etiladi.

Xalqaro finalga chiqqan jamoalar Hindistonda o‘tadigan yakuniy bosqichda dunyoning eng yaxshi 15 jamoasi qatorida o‘z loyihalarini taqdim etish imkoniga ega bo‘ladi.

 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling