TBC Uzbekistan onlayn sug‘urta xizmatlarini ishga tushirmoqda va ekotizimni kengaytirish yo‘lida yangi segmentga chiqmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — TBC Uzbekistan uchun o‘z sug‘urta kompaniyasi — TBC Sug‘urta’ning tashkil etilishi muhim strategik qadam bo‘lib, bu kompaniyaga sug‘urtalash yo‘nalishini yo‘lga qo‘yish va ekotizimdagi barcha mahsulotlar o‘rtasidagi sinergiyani kuchaytirish imkonini beradi.
TBC Sug‘urta 2025-yil mart oyida Milliy istiqbolli loyihalar agentligidan hayotni sug‘urtalash bo‘yicha litsenziyani qo‘lga kiritib, aprel oyidayoq o‘z faoliyatini boshladi. Kompaniya faoliyatining dastlabki uch oyida sezilarli natijalarga erishdi: 140 000 dan ortiq sug‘urta polisi rasmiylashtirildi, sug‘urta mukofotlari hajmi esa 2.97 mln AQSh dollaridan oshdi.
Onlayn sug‘urta — bu sug‘urta polislarini rasmiylashtirish va boshqarish bo‘yicha to‘liq raqamli xizmat bo‘lib, ofisga borishni talab qilmaydi. TBC Sug‘urta polisini TBC UZ mobil ilovasi orqali kreditga ariza topshirish jarayonida rasmiylashtirish mumkin. Bu esa xizmatni mijozlar uchun yanada qulay va ochiq qiladi.
Nika Kurdiani, CEO TBC Uzbekistan:«Biz sug‘urtani TBC ekotizimining ajralmas qismi deb bilamiz. U mijozlarga o‘z moliyaviy qarorlarini ishonch bilan qabul qilish va o‘zlarini himoyalangan his etishda yordam beradi. Kelgusida ham bu yo‘nalishni rivojlantirib, har bir mahsulot boshqasini to‘ldirib turadigan va mijozlar uchun yanada ko‘proq qiymat yaratadigan raqamli ekotizim arxitekturasini barpo etamiz. Sug‘urta ushbu jarayonning muhim qismiga aylanib, mijozlarning ekotizimga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi».
TBC Sug‘urtaga 25 yillik tajribaga ega yuqori malakali menejer — Yekaterina Lotuashvili rahbarlik qilmoqda. U Gruziya va Buyuk Britaniya sug‘urta bozorlarida, jumladan, dunyodagi yetakchi sug‘urta bozori bo‘lgan Lloyd’s of London’da faoliyat yuritgan. Yekaterina boshqaruv va tijorat tajribasini bank sug‘urtasi, sug‘urta xavfini boshqarish, sug‘urta mahsulotlarini ishlab chiqish va mijozlar tajribasini yaxshilashga doir amaliy ko‘nikmalar bilan samarali birlashtirgan mutaxassis. Uning rahbarligi ostida kredit olish jarayonida hayotni sug‘urtalash xizmati muvaffaqiyatli ishga tushirildi. Kelgusida ushbu xizmat TBC Uzbekistan’ning boshqa mahsulotlaridan foydalanuvchilar uchun ham mavjud bo‘ladi.
Yekaterina Lotuashvili, CEO TBC Sug‘urta:«Atrofimizdagi dunyo oldindan aytib bo‘lmaydigan voqealarga to‘la, va har qanday kutilmagan holat moliyaviy yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin. Sug‘urta — bu o‘zingizni kutilmagan yo‘qotishlardan himoya qilish va shaxsiy byudjet barqarorligini saqlab qolishning qulay hamda ishonchli vositasidir. Onlayn format esa sug‘urtani har kim uchun qulay qilib, butun sohaning rivojlanishini tezlashtiradi».
TBC Sug‘urta to‘liq raqamli yechimlar va sug‘urta mahsulotlari qatorini bosqichma-bosqich kengaytirish orqali O‘zbekiston sug‘urta bozorining rivojlanishiga hissa qo‘shishni maqsad qilgan. 19,7 million foydalanuvchiga ega ekotizim, brendning yuqori darajadagi tanilganligi va mijozlar ishonchi tufayli kompaniya hayotni sug‘urtalash va boshqa shaxsiy sug‘urta mahsulotlari segmentida yetakchi o‘rinlarni egallashga intilmoqda.
«TBC Sug‘urta» AJ — TBC Uzbekistan tarkibiga kiruvchi sug‘urta kompaniyasi hisoblanadi. Kompaniya hayotni sug‘urtalash (I–VII sinflar) hamda ixtiyoriy umumiy sug‘urta (1, 2 va 18-sinflar) yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi.