Taʼlim vazirligi Oʻzbekiston maktablarida soʻnggi qoʻngʻiroqni oʻtkazish taqiqlangani haqidagi mish-mishlarni rad etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Boshlanayotgan haftada yurtimiz maktablarida so‘nggi qo‘ng‘iroq jaranglaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu tadbir oʻtkazilishi taqiqlangani, cheklovlar oʻrnatilgani haqida turli notoʻgʻri xabarlar tarqalmoqda, deb xabar beradi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi.
Boshqarmaning aniqlik kiritishicha, j o‘quv yilining oxirgi kuni 25-may, yakshanba – dam olish kuniga to‘g‘ri kelganligi sababli so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirlari 24-may – shanba kuni o‘tkazilishi belgilangan.
So‘nggi qo‘ng‘iroq har bir inson hayotida unutilmas taassurotlarga boy bo‘ladi. Ayniqsa, katta hayot ostonasiga qadam qo‘yayotgan 11-sinf bitiruvchilari uchun bu kunning ahamiyati va qadri o‘zgacha. Bir tomondan, ko‘p yillik qadrdon sinfdoshlar, mehribon ustozlar, jonajon maktab bilan umrbod xayrlashish oson emas. Ikkinchi tomondan, mustaqil hayotga qadam qo‘yish zavqi, yangi marralar chorlovi, talabalik sururi. Bu endi chinakam bayram!
Vazirlik shuni ma’lum qiladiki, maktablarimizda so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirlarini ko‘tarinki kayfiyatda, tantanalar bilan o‘tkazish an’anasi bu yil ham davom etadi.
“Maktab xodimlari, bitiruvchilar va hurmatli ota-onalardan tadbirlarni o‘tkazishda xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilishlarini so‘raymiz!” qoʻshimcha qildi vazirlik.