“Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri MDH hududidan "GCC Global Cosmetics Cluster"ga birinchi aʼzo bo‘ldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 16 oktyabr kuni “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri global hamkorlikni kengaytirish maqsadida "Global Cosmetics Cluster (GCC)" xalqaro tarmog‘iga rasman aʼzo bo‘lish bo‘yicha shartnoma imzoladi.
Bu - O‘zbekistonning MDH hududidan mazkur tarmoqqa qo‘shilgan ilk klaster hisoblanadi.
"Global Cosmetics Cluster" - dunyo bo‘ylab kosmetika, atir (parfyumeriya) va terini parvarish qilish sohalarida faoliyat yuritayotgan klasterlar hamda tashkilotlarni birlashtiruvchi xalqaro tarmoqdir.
Hozirda GCC tarmog‘ida 17 ta klaster faoliyat olib bormoqda. Ular orasida Portugaliya (AEBB / Cosmetic Cluster Portugal), Ispaniya (Beauty Cluster), Italiya (Polo della Cosmesi), Yaponiya (Japan Cosmetic Center, JCC) va Janubiy Koreya (IBITA) kabi mamlakatlar klasterlari mavjud.
Aʼzo klasterlar o‘rtasida innovatsiya va tajriba almashinuvi, ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik, startaplarni qo‘llab-quvvatlash, bozorlar o‘rtasida integratsiyani taʼminlash hamda xalqaro savdo missiyalarini tashkil etish kabi keng imkoniyatlar yaratiladi.
Hamkorlik shartnomasiga muvofiq, tomonlar 2026 yil aprel oyi yakunida “Cosmetic Valley” rahbarligida fransuz kosmetika kompaniyalari delegatsiyasining O‘zbekistonga savdo missiyasini amalga oshirishga kelishib oldilar. Tashrif doirasida B2B uchrashuvlar, ilmiy forumlar va hamkorlik bitimlarini imzolash tadbirlari rejalashtirilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi “GCC”ning umumiy yig‘ilishida “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri faoliyati, ilmiy salohiyati va istiqbolli loyihalari bilan tanishtirildi.
Mazkur aʼzolik “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri va O‘zbekiston kosmetika sanoati uchun yangi texnologiyalar, hamkorlik imkoniyatlari, investitsiyalar hamda xalqaro bozorlarga chiqish yo‘llarini ochib beradi.
Shu tariqa, respublika innovatsion kosmetika va biotexnologiya yo‘nalishlaridagi yutuqlarini jahon hamjamiyati bilan yana-da yaqinroq bog‘lash sari muhim qadam tashlamoqda.