Valyuta kurslari 16/03/2026
$1 – 12081.63
UZS – -0,17%
€1 – 13837.09
UZS – -1,1%
₽1 – 150.44
UZS – -1,72%
Qidirish
Tashkent City‘dagi Park in Mall yong‘indan keyin yopildi

Tashkent City‘dagi Park in Mall yong‘indan keyin yopildi

Tashkent City‘dagi Park in Mall yong‘indan keyin yopildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Favqulodda vaziyatlar vazirligi 15 mart kuni sodir bo‘lgan yong‘indan so‘ng Tashkent City majmuasi hududida joylashgan Park in Mall oilaviy savdo-ko‘ngilochar markazi faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi.

FVV vakili maʼlumotiga ko‘ra, yong‘in binodagi uchinchi qavatdagi xonalardan birida sodir bo‘lgan va dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, elektr uskunalarining nosozligi sabab kelib chiqqan. Yong‘in haqida xabar soat 13:18 da kelib tushgan. Yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari bir daqiqa ichida voqea joyiga yetib kelgan va o‘n daqiqaga yetmay olovni bartaraf etgan. Hodisa joyida FVV rahbariyati ham bo‘lgan.

Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Zarar ko‘rilgan maydon taxminan 25 kvadrat metrni tashkil etdi.

Maʼlum qilinishicha, yong‘in chiqqan xonalarda taʼmirlash ishlari olib borilayotgan edi. Binoning to‘rtinchi qavatida fudkort va bolalar o‘yin maydoni joylashgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda binodan olingan videolar tarqaldi. Ularda qavatlar bo‘ylab tutun tarqalayotgani, tashrif buyuruvchilar, jumladan bolali oilalar binodan chiqib ketayotgani aks etgan. Eʼlon qilingan kadrlarda yong‘in signalizatsiyasi ovozi eshitilmaydi va avtomatik yong‘in o‘chirish tizimining ishlashi ham kuzatilmaydi.

FVV maʼlumotiga ko‘ra, binoda qator kamchiliklar va qoidabuzarliklar, shuningdek yong‘in xavfsizligi choralarining to‘liq amalga oshirilmagani aniqlangan. Vazirlikda taʼkidlanishicha, asosiy omillardan biri xonalarni ijaraga olganlar tomonidan elektr simlarining noto‘g‘ri ishlatilishi bo‘lgan va bu, ehtimol, yong‘inga sabab bo‘lgan.

Aniqlangan qoidabuzarliklar munosabati bilan barcha kamchiliklar to‘liq bartaraf etilgunga qadar butun savdo-ko‘ngilochar markazi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

Bundan avval Toshkent shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Park in Mall majmuasi hodisa sodir bo‘lgan vaqtda rasman foydalanishga topshirilmaganini maʼlum qilgan edi. Shunga qaramay, bir necha oy davomida binoda do‘konlar, umumiy ovqatlanish muassasalari, kinoteatr va fitnes markazi faoliyat yuritib kelgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling