Tarixda ilk bor o‘zbekistonlik futbol mutaxassislari FIFA qo‘mitasiga tayinlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining xalqaro maydondagi nufuzi yana-da ortib bormoqda. Ilk bor yurtimiz vakillari FIFA qo‘mitasiga aʼzo etib saylandi.
FIFA Kengashining qaroriga muvofiq, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov 2025–2029 yillar davomida futbolda texnologiyalar, innovatsiyalar va raqamli rivojlanish qo‘mitasi rais o‘rinbosari etib tayinlandi. Ushbu qo‘mita VAR tizimi, gol aniqlash texnologiyasi, yarim avtomatik ofsayd tizimi, raqamli monitoring va sunʼiy intellekt kabi texnologiyalarni joriy etish hamda sinovdan o‘tkazish bilan shug‘ullanadi. Qo‘mitaga FIFAning futbol texnologiyalari bo‘yicha direktori Yoxannes Xolsmyuller rahbarlik qiladi.
Bundan tashqari, O‘FA bosh kotibi Avaz Maksumov Sohil futboli qo‘mitasi aʼzosi bo‘ldi, xotin-qizlar futboli rivojlanishi bo‘limi rahbari Yuliya Panina esa ayollar milliy terma jamoalari o‘rtasidagi musobaqalar qo‘mitaga kiritildi.
Bu tayinlovlar O‘zbekistonning FIFA bilan faol hamkorligini yana bir bor tasdiqlaydi. 2024 yili mamlakat ilk bor futzal bo‘yicha Jahon chempionatiga mezbonlik qilgan bo‘lsa, 2027 yilda yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatini o‘tkazish rejalashtirilgan.