Tanzila Narbayeva xalqaro hamkorlar va qo‘shni davlatlar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida davom etayotgan Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti majlisi doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva xalqaro hamkorlar hamda qo‘shni davlatlar parlamentlari vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Uchrashuvlarda mintaqada ayollarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi o‘rni va faolligini oshirish, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tanzila Narbayeva BMTning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha Taraqqiyot masalalari muvofiqlashtirish idorasi mintaqaviy direktori Gvi-Yeop Son xonim bilan uchrashuvda O‘zbekiston va BMT tizimidagi tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari, Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar va ularning ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga qo‘shayotgan hissasi haqida fikr almashildi.
Gvi Yeop Son xonim Samarqandda o‘tayotgan YUNESKOning 43-sessiyasi Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga xalqaro hamjamiyat tomonidan bildirilayotgan yuksak ishonch ifodasi ekanini alohida taʼkidladi.
Shuningdek, Senat Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi Torag‘asi o‘rinbosari Jildiz Sadirbayeva, Tojikiston Respublikasi Majlisi Oli Majlisi namoyandagon raisining o‘rinbosari Muini Mavsuma, Qozog‘iston Respublikasi Majilisi raisi o‘rinbosari Daniya Yespayeva hamda Turkmaniston Mejlisi Fan, taʼlim, madaniyat va yoshlar siyosati qo‘mitasi raisi Miradova Bayramgozel bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi.
Uchrashuvlarda davlatlar o‘rtasida do‘stona qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va strategik hamkorlikka asoslangan munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani taʼkidlandi. Bu jarayonda yetakchi ayollarning faol ishtiroki, ularning huquq va manfaatlarini taʼminlash, jamiyatda ayollarning ijtimoiy-siyosiy o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan islohotlarning ahamiyati alohida qayd etildi.
Shuningdek, hududlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da faollashtirish, sanoat, energetika, ishlab chiqarish va ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv ishtirokchilari Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, ayollar faolligini oshirish va barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishishda muhim platforma ekanini alohida taʼkidladi.