Syamen shahrida “Invest in Uzbekistan” biznes-forumi o‘tkazildi — UzDaily.uz
Valyuta kurslari 10/09/2025
$1 – 12355.14
UZS – -0,68%
€1 – 14539.53
UZS – -0,3%
₽1 – 148.48
UZS – -2,23%
Qidirish
Syamen shahrida “Invest in Uzbekistan” biznes-forumi o‘tkazildi

Syamen shahrida “Invest in Uzbekistan” biznes-forumi o‘tkazildi

Syamen shahrida “Invest in Uzbekistan” biznes-forumi o‘tkazildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Syamen shahrida bo‘lib o‘tayotgan 25-Xitoy xalqaro savdo va investitsiya yarmarkasi doirasida “Invest in Uzbekistan” biznes-forumi o‘tkazildi. Tadbirda Xitoy Xalq Respublikasining davlat va ishbilarmon doiralaridan 200 dan ortiq vakillar ishtirok etdi. Forumning ochilish marosimi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Qosimov hamda Futszyan provinsiyasi gubernatori o‘rinbosari Van Jinfu ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Savdo-iqtisodiy aloqalarda ijobiy dinamika kuzatilmoqda: 2024-yilda savdo hajmi qariyb 14 milliard AQSh dollariga yetib, 2017-yilga nisbatan besh barobarga oshdi. 2025-yilning yanvar–iyul oylarida esa bu ko‘rsatkich 8,78 milliard dollarga yetib, 23 foiz o‘sishni qayd etdi. Eksport hajmi 1,8 milliard dollarni (+22,8%), import esa 6,98 milliard dollarni (+23%) tashkil etdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Xitoy kapitali ishtirokida 4200 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda, ularning 800 dan ortig‘i joriy yilda tashkil etilgan.

Forum ishtirokchilariga mamlakatimizning investitsion muhiti, asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlari, biznes yuritish sharoitlari va istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy ma’lumotlar taqdim etildi. “Yangi Toshkent” loyihasi, Toshkent viloyatini rivojlantirish, charm-poyabzal sanoati va turizm sohasi bo‘yicha tashabbuslar katta qiziqish uyg‘otdi. Tadbir yakunida B2B va G2B formatidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, ular istiqbolli tashabbuslarni muhokama qilish va biznes aloqalarni mustahkamlashga xizmat qildi.

“Invest in Uzbekistan” forumi O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda ishonchli hamkor va investitsiyalar uchun jozibador markaz sifatidagi maqomini yana bir bor tasdiqladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling