Valyuta kurslari 03/02/2026
$1 – 12242.17
UZS – 0,14%
€1 – 14522.89
UZS – -0,26%
₽1 – 159.90
UZS – -1,3%
Qidirish
Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi

Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi

Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni suv resurslaridan samarali foydalanishni taʼminlash hamda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar 2,6 million gektarga yoki sugʻoriladigan yer maydonlarining 60 foiziga yetdi. Taqqoslash uchun, 2017-yilgacha respublikamizda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar jami 19 ming gektarni tashkil etar edi. Mazkur ishlar natijasida har yili 2,5 milliard kub metr suv tejalishiga erishilmoqda.

Bugungi taqdimotda bu boradagi ishlar qamrovini yanada kengaytirish boʻyicha ishlangan yangi takliflar koʻrib chiqildi.

Jumladan, 2028-yilga qadar suv tejovchi texnologiyalarni 930 ming gektar yerda oʻrnatib, bunday maydonlarni 3,5 million gektarga yoki jami sugʻoriladigan yerlarning 80 foiziga yetkazish rejalashtirilgan. Natijada har yili 3,5 milliard kub metr suvni iqtisod qilish, 300 ming gektar yerning suv taʼminotini yaxshilash va takroriy ekinlarni sugʻorish imkoniyati yaratiladi.

Suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish orqali tejalgan suv resurslari suv taʼminoti ogʻir hududda joylashgan fermerlarga kafolatli yetkazib berilishiga zamin yaratadi.

Buning uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangi mexanizmlari qoʻllanadi.

Xususan, suv resurslari uchun soliq stavkasi va subsidiyalar miqdorini yer maydonlarining suv bilan taʼminlanganlik holatidan kelib chiqib belgilash taklif qilindi. Masalan, suv bilan barqaror taʼminlanmagan hududdagi sugʻoriladigan yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinganda, ajratiladigan subsidiyalarga 1,25 oshiruvchi koeffitsiyent qoʻllagan holda hisoblanadi.

Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni bank kreditlarini olmasdan oʻz mablagʻlari hisobidan joriy qiladigan tashabbuskorlarga subsidiya ajratishning yangi tizimi joriy etiladi. Bunda tegishli loyiha-smeta hujjatlari va loyihani amalga oshirish boʻyicha taʼminotchi korxona bilan tuzilgan shartnoma asosida subsidiya mablagʻlarining 50 foizi Agrar sohada toʻlovlar agentligi tomonidan oldindan ajratiladi.

Endilikda boshoqli don ekinlarini yetishtirishda tomchilatib va diskret sugʻorish texnologiyasi joriy qilingan maydonlar uchun ham subsidiya beriladi.

Suv tejovchi texnologiyalarni xarid qilish va qurish maqsadida tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar boʻyicha foizlarni qisman qoplab berish yoʻlga qoʻyiladi. Gʻoʻza maydonlarida tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish uchun kredit mablagʻlari har yil noyabr oyidan boshlab ajratiladi.

Suv tejovchi texnologiyalarni qurib bergan pudrat tashkilotlari har bir loyihaga kamida 2 yillik kafolat muddati berishi hamda 5 yil davomida servis xizmatlarini koʻrsatishi majburiy etib belgilanadi.

Sohada davlat nazoratini takomillashtirish masalalariga toʻxtalib oʻtildi.

Suv olish joylarida suvni boshqarish va hisobini yuritishni takomillashtirish maqsadida sholi yetishtiriladigan hamda baliqchilik xoʻjaliklari tashkil qilingan yer maydonlarida “aqlli” suv oʻlchash va hisoblash vositalari oʻrnatiladi. Ular “Suv hisobi” axborot tizimiga integratsiya qilinadi.

Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining hududiy boʻlinmalarida suv tejovchi texnologiyalardan hamda suvdan foydalanishni monitoring qilish boʻlimlari tashkil etiladi.

Tadbirkorlik subyektlarida inspeksiya tomonidan oʻtkaziladigan tekshiruvlarni yonkameralardan foydalangan holda amalga oshirish tartibi joriy etiladi. Inspeksiyaga qishloq xoʻjaligi ekin maydonlarida suvdan foydalanish va suv isrofini monitoring qilish maqsadida uchuvchisiz uchish dronlaridan foydalanishga ruxsat beriladi.

Shu bilan birga, oʻrnatilgan suv tejovchi texnologiyalaridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan va subsidiya ajratilgan yer maydonlarida bunday texnologiyalar yoki ularning asosiy qismlarini ishlatmasdan, anʼanaviy usulda sugʻorish suvdan oʻzboshimchalik bilan foydalanish deb baholanadi.

Fermerlarning suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish sohasidagi manfaatlarining himoyasini kuchaytirish maqsadida “Suvxoʻjaliknazorat” inspeksiyasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan suv tejovchi texnologiyalarni oʻrnatish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan sudlarga daʼvo arizalarini kiritishda davlat bojidan ozod qilish taklif etildi.

Sohada kadrlar salohiyatini oshirish – dolzarb masala.

Taqdimotda ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va ulardan foydalanish boʻyicha kadrlar tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish yuzasidan rejalar haqida ham axborot berildi. Jumladan, “Suvchilar maktabi” loyihasi doirasida joriy yilda 10 mingta fermer xoʻjaliklari xodimlarining malakasi oshiriladi, 358 nafar suv xoʻjaligi xodimi malaka oshirish uchun xorijga yuboriladi.

#Shavkat Mirziyoyev  

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling