Suv resurslari to'g'risidagi qonun loyihasi qayta ko'rib chiqish uchun qaytarildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yer osti suv resurslarini muhofaza qilish sohasini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Ushbu loyiha yer osti suvlaridan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olishga, yer osti suvlari uchun quduqlar kovlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari uchun yengilliklar yaratishga qaratilgan.
Qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Soliq kodekslariga, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Ya’ni, yer osti suvlari quduqlarini qonunga xilof ravishda burg‘ulash va xavfli geologik jarayonlarning oldini olishga doir ko‘rsatmalar talablarini bajarmaganlik uchun javobgarlik belgilash, hisoblash vositalarisiz yer osti suvlari olinganda soliqni belgilangan soliq stavkasining oshirilgan miqdorida undirish, yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilashga doir ruxsatnoma berish tartibini yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash faoliyatiga doir ruxsatnomani berish tartib-taomili bilan almashtirish nazarda tutilmoqda.
Majlisda deputatlar tomonidan loyiha yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Ayrim me’yorlarni qaytadan ko‘rib chiqish va maromiga yetkazish uchun qonun loyihasi mas’ul qo‘mitaga qaytarildi.