Surxondaryoda hakamlik sudining kadrlar bo‘limi boshlig‘iga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Surxondaryo viloyati Mediatsiya va yuridik maslahatlar huzuridagi hakamlik sudining kadrlar bo‘limi boshlig‘i xizmat mavqeidan foydalangan holda, Termiz shahrida istiqomat qiluvchi fuqaroni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali viloyat Bojxona boshqarmasiga nazoratchi vazifasiga ishga joylashtirib qo‘yish evaziga 1000 AQSH dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Termiz shahar prokuraturasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu shaxs so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.