Surxondaryoda gaz quyish shoxobchasida yong‘in: ikki kishi jabrlandi
Surxondaryoda gaz quyish shoxobchasida yong‘in: ikki kishi jabrlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 7 aprel kuni soat 08:24 da Surxondaryo viloyati “112” xizmatiga Denov tumanidagi “Oktom” mahallasida joylashgan gaz quyish shoxobchasida yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar kelib tushdi. Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, yong‘in “KAMAZ” rusumli maxsus avtomobilda suyultirilgan propan gazi to‘ldirilayotgan sisternani to‘ldirish jarayonida yuz bergan.
Voqea joyiga beshta qutqaruv bo‘linmasi yetib kelib, yong‘inni 08:42 ga kelib lokallashtirdi. Yong‘inni to‘liq bartaraf etish ishlari davom etmoqda.
Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, hodisaga gazni tushirish jarayonida texnologik talablarning buzilishi oqibatida sisternaning germetikligi buzilishi sabab bo‘lgan.
Hodisa joyida viloyat FVV rahbariyati, Denov tumani IIB xodimlari, xavfsizlik xizmati va “Hududgazta‘minot” kompaniyasi rahbariyati hamda mutaxassislari ish olib bormoqda. Voqea holatlari yuzasidan batafsil tekshiruv o‘tkazilmoqda.
Vaziyat tegishli xizmatlar tomonidan to‘liq nazoratga olingan.
Hodisa oqibatida ikki nafar fuqaro yengil darajada kuyish jarohatlarini olgan: ulardan birida tananing taxminan 10 foizi, ikkinchisida esa 3–4 foizi zararlangan.
Jabrlanganlarning hayotiga xavf yo‘q, ularning ahvoli qoniqarli deb baholanmoqda. O‘lim holatlari qayd etilmadi.