Surxondaryo viloyatining istiqboldagi gidroenergetik quvvatlari yuzasidan taqdimot o‘tkazildi
Surxondaryo viloyatining istiqboldagi gidroenergetik quvvatlari yuzasidan taqdimot o‘tkazildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bugun, 26-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida hududning gidroenergetik salohiyati bilan yaqindan tanishildi va amalga oshirilayotgan joriy hamda istiqboldagi loyihalar yuzasidan keng taqdimot o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbari ushbu tashrif davomida viloyat energetik salohiyatini yanada kengaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish va hudud aholisi hamda iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.
2017-yilda Surxondaryo viloyatida faqat 1 ta GES faoliyat yuritgan bo‘lib, quvvati 30 MVtni tashkil etgan. Prezidentimiz tashabbusi bilan To‘polang suv ombori hajmi 100 mln m3 dan 500 mln m3 ga yetkazildi. Shu orqali, To‘polang daryosida yangi quvvatlarni ishga tushirish imkoniyati yaratildi. So‘nggi 9 yil ichida viloyatdagi gidroenergetik quvvatlar hajmi 9 barobarga oshirilib, 273,4 MVtga yetdi hamda GESlar soni 13 taga yetkazildi. Natijada bugungi kunda viloyatning yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi qariyb 800 mln kVt.soatga yetkazildi.
Yuqori To‘polang gidrosalohiyatidan oqilona foydalanish maqsadida, umumiy quvvati 80 MVt bo‘lgan 3 ta GESdan iborat Kishtut GESlar kaskadi loyihasi yuzasidan ma‘lumot taqdim etildi. Hozirda mazkur Kishtut GESlar kaskadi loyihasi doirasida qurilish ishlari boshlangan.
Davlatimiz rahbari topshirig‘iga binoan, Kishtut GESlar kaskadini “milliy loyiha” sifatida amalga oshirilishi belgilandi. Shu bilan birga, Yuqori To‘polang gidrosalohiyatidan maksimal darajada foydalanish, viloyat gidroenergetik salohiyatini oshirish va elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini yanada ko‘paytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Mazkur loyiha Surxondaryo viloyatining energetik mustaqilligini mustahkamlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini oshirish hamda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror elektr energiyasi bilan ta‘minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.