Valyuta kurslari 18/02/2026
$1 – 12137.86
UZS – -0,44%
€1 – 14379.72
UZS – -0,59%
₽1 – 158.13
UZS – -0,24%
Qidirish
Surxondaryo viloyatida turizm infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha yangi vazifalar belgilandi

Surxondaryo viloyatida turizm infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha yangi vazifalar belgilandi

Surxondaryo viloyatida turizm infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha yangi vazifalar belgilandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi A.Aqqulov boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi hamda turizm sohasi vakillari ishtirokida Surxondaryo viloyatida turizmni rivojlantirish, mavjud salohiyatdan samarali foydalanish va xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan keng qamrovli o‘rganish ishlari o‘tkazildi. Tashrif doirasida hududlarda amalga oshirilayotgan va rejalashtirilgan investitsiya loyihalari, infratuzilma obyektlari hamda madaniy meros maskanlari joyiga chiqqan holda o‘rganildi.

Ishchi guruh dastlab Termiz tumanida joylashgan Fayoztepa va Qoratepa madaniy meros obyektlarida bo‘lib, ushbu noyob arxeologik yodgorliklarning turizm salohiyatini yanada oshirish, hududda zamonaviy servis xizmatlarini yo‘lga qo‘yish, axborot ko‘rsatkichlari va infratuzilmani takomillashtirish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, “Uchqizil” suv ombori atrofida tashkil etilishi rejalashtirilgan turizm maskani loyihasi taqdimoti o‘tkazilib, mazkur hududda dam olish zonalari, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini barpo etish yuzasidan takliflar bildirildi.

Sherobod tumanida “Chorbog‘” mahallasida barpo etilayotgan “Kapa yurt” turizm kompleksi, “Qorabog‘” MFY hududida M-39 yo‘li bo‘yida qurilayotgan “service point” loyihasi hamda tuman kirish qismida o‘rnatilayotgan stela va smart (SGSh) xizmat ko‘rsatish nuqtasi qurilishi jarayoni bilan tanishildi. Loyihalar doirasida yo‘lbo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish, sayyohlar uchun qulay sharoit yaratish va hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Termiz shahrida esa “Etno shaharcha” turizm majmuasini tashkil etish ishlari ko‘zdan kechirilib, milliy hunarmandchilik, gastronomiya va madaniy tadbirlarni birlashtirgan kompleksni shakllantirish yuzasidan tavsiyalar berildi. 

Tashrifning ikkinchi kunida Sariosiyo tumanidagi Sangardak sharsharasi hududida amalga oshirilayotgan loyihalar, “Xonjiza city” hamda Sangardak sanatoriyasi faoliyati o‘rganildi. Eko va sog‘lomlashtirish turizmini rivojlantirish, tog‘ va tabiat maskanlaridan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. 

Denov tumanida Said Otaliq madrasasi, Denov qalasi hamda Turizm ko‘chasini “Zarqaynar” tajribasi asosida rivojlantirish rejalari ko‘rib chiqildi. Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Janubiy Surxon” suv ombori hududida zamonaviy turizm maskani tashkil etish, Jarqu‘rg‘on tumanidagi “Milliy liboslar” markazi faoliyatini kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi. 

Boysun tumanida Sayrob chinori, “Darband” mahallasida rejalashtirilayotgan “Xo‘ja mayxona” turizm maskani loyihasi hamda Boysun bahori xalqaro folklor festivaliga tayyorgarlik jarayonlari o‘rganildi. Hududning boy madaniy merosi va an’analarini keng targ‘ib qilish orqali turizm salohiyatini oshirish zarurligi ta’kidlandi. 

Uchinchi kuni Termiz shahrining “Saxovat” mahallasidagi yapon mahallasi va “FOOD BAZAAR” loyihasi bilan tanishildi. Savdo va gastronomik turizm yo‘nalishlarini kengaytirish, xorijiy sayyohlar oqimini oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Termiz tumanida amalga oshirilayotgan “Eko turizm” loyihasi doirasida mahalliy aholining tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqildi. 

Shuningdek, Termiz tumanidagi “40 qiz” qal’asi, Sulton Saodat majmuasi hamda Zurmala minorasi hududlariga tashrif buyurildi. Mazkur tarixiy-madaniy obyektlarda saqlash, restavratsiya va obodonlashtirish ishlari holati o‘rganilib, ziyorat va madaniy turizm yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish, hududga tashrif buyuruvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Tashrif yakunida har bir tuman va shaharda turizm infratuzilmasini rivojlantirish, xizmatlar sifatini oshirish, investitsiya loyihalarini jadallashtirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi. Berilgan tavsiyalar asosida hududlar kesimida manzilli “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilib, ularning ijrosi qat’iy nazoratga olinishi belgilandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling