Surxondaryo viloyati hokimi Yevropa Ittifoqi elchisi Toyvo Klaar bilan uchrashdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Suhbat davomida tomonlar 10-Yevropa Kinofestivalining Termiz shahrida o‘tkazilishi yuzasidan fikr almashdilar hamda mazkur tashabbus xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishda muhim qadam ekanini ta’kidladilar.
Viloyat rahbari elchiga festivalni Termiz shahrida o‘tkazish tashabbusi va ko‘rsatgan amaliy ko‘magi uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, uchrashuvda madaniyat va san’at bilan bir qatorda savdo-iqtisodiy, transport va logistika, ta’lim, sog‘liqni saqlash, raqamli transformatsiya va boshqa yo‘nalishlardagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama etildi.
10-Yevropa Kinofestivali doirasida ertaga, 12-noyabr kuni, Termiz shahridagi "Yoshlar markazi"da yevropalik rejissyorlar tomonidan yaratilgan "Dekadent №2419" (Litva), "Ringdagi qirolicha" (Avstriya) va "Divertimento" (Fransiya) filmlari namoyish etiladi.