Surxondaryo va Fors viloyatlari o‘rtasida hamkorlikning yangi bosqichi boshlandi
Surxondaryo va Fors viloyatlari o‘rtasida hamkorlikning yangi bosqichi boshlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Eron Islom Respublikasining Shiraz shahrida Surxondaryo viloyati delegatsiyasining Fors viloyati hokimi Xoseyn Ali Amiri bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyatimiz delegatsiyasi aʼzolari, Iroqdan tashrif buyurgan mehmonlar hamda Fors viloyati rasmiylari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida Xoseyn Ali Amiri Surxondaryo viloyatiga amalga oshirgan tashrifi haqidagi iliq taassurotlarini bildirib, u yerda o‘tkazilgan samarali uchrashuv va muloqotlarni alohida eʼtirof etdi. Taʼkidlanganidek, kelgusida savdo-iqtisodiy, qishloq xo‘jaligi, taʼlim, tibbiyot, madaniyat va turizm yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjud.
Fors viloyati rahbari O‘zbekiston va Eron xalqlarini bog‘lab turgan ko‘p asrlik do‘stlik, madaniy yaqinlik va tarixiy mushtaraklikni qayd etib, bu munosabatlar yana-da mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.
Uchrashuv yakunida Surxondaryo viloyati Savdo-sanoat palatasi hamda Fors viloyati Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat ikki hudud o‘rtasida savdo, sanoat, investitsiya va biznes loyihalarini rivojlantirish uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, Fors viloyatining Sanoat va savdo boshqarmasi, Markaziy banki, Bojxona xizmati, Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi rahbarlari hamda Surxondaryo delegatsiyasi o‘rtasida alohida muzokaralar o‘tkazildi. Uchrashuvlarda tadbirkorlar uchun logistika, moliya, investitsiya va boshqa yo‘nalishlarda amaliy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar konstruktiv ruhda o‘tdi va tomonlar kelgusida aniq yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni boshlash borasida kelishib oldilar.