Sunʼiy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soluvchi qonun muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning o‘n birinchi yalpi majlisida “Sunʼiy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlar tartibga solinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda qo‘llash, raqamli maʼlumotlardan foydalanilish imkoniyatini va ularning sifati yuqori darajada bo‘lishini taʼminlash, ushbu sohada malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Tahlillar sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish hamda uni moliyalashtirish hajmi oshib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Mazkur Qonun bilan tegishli qonun hujjatlariga, jumladan “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunga sunʼiy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soluvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, “sunʼiy intellekt” tushunchasiga huquqiy taʼrif berilmoqda, ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda maxsus vakolatli organning vazifalari belgilanmoqda, axborot resurslarini yaratishda hamda axborot tizimlari ishida sunʼiy intellektdan foydalanishning umumiy qoidalari hamda ushbu texnologiyalardan foydalanishda shaxsga doir maʼlumotlar daxlsizligini taʼminlashga qaratilgan qoidalar belgilanmoqda.
Senatorlarning fikricha, ushbu Qonun sunʼiy intellekt texnologiyalarini yana-da rivojlantirishga, undan foydalanishning umumiy asoslarini belgilashga hamda mazkur sohada yuzaga keladigan munosabatlarda fuqarolarning huquq va erkinliklarini yana-da ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.