Sunʼiy intellektni yaratish, joriy qilish va foydalanish bo‘yicha etika qoidalari tasdiqlandi
Sunʼiy intellektni yaratish, joriy qilish va foydalanish bo‘yicha etika qoidalari tasdiqlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Adliya vazirligi Sunʼiy intellektga asoslangan yechimlarni yaratish, joriy qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha etika qoidalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami: 3787, 14.03.2026 y.).
Ushbu hujjat bilan sunʼiy intellekt texnologiya va tizimlaridan foydalanishda quyidagi etika tamoyillari belgilanmoqda: qonuniylik, shaxs, jamiyat va davlat manfaatlari hamda atrof-muhitni himoya qilishning ustuvorligi, tushunarlilik, masʼuliyat, javobgarlik va nazorat, adolatlilik va kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik;, ochiqlik va shaffoflik, maʼlumotlar himoyasi, ishonchlilik va xavfsizlik.
Quyidagi qarorlarni qabul qilishda faqat sunʼiy intellektdan foydalanib yaratilgan sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlari xulosalariga tayanmaslik talabi belgilanmoqda:
inson huquq va erkinliklariga aloqador yuridik ahamiyatga ega qarorlar;
sog‘liqni saqlash (kasalliklarni tashxislash, davolash usullarini belgilash va boshqalar) va boshqa sohalardagi qarorlar.
Sunʼiy intellekt texnologiya va tizimlarini ishlab chiquvchi va joriy etuvchi foydalanuvchilarga:
ulardan qanday maqsadda foydalanish mumkinligi yoki taqiqlanishi,
sunʼiy intellektga asoslangan yechimlar yoki qarorlar doim to‘g‘ri bo‘lmasligi;
ularning natijalaridan tavsiyaviy yoki maʼlumot uchun foydalanish mumkinligi haqida maʼlumot berishi lozim.
Shu bilan birga, qoidalarda sunʼiy intellekt ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari belgilab berildi.