Sunʼiy intellekt texnologiyalari yanada rivojlantiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini yana-da rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
2026 yil yakuniga qadar davlat boshqaruvi organlari, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng joriy qilish bo‘yicha kamida 100 ta loyihani amalga oshirish;
2030 yil yakuniga qadar zamonaviy sunʼiy intellekt infratuzilmasini rivojlantirishga 1 milliard AQSH dollaridan ortiq miqdorda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish;
2026 yil yakuniga qadar mamlakatda faoliyat yuritayotgan oliy taʼlim tashkilotlarida 15 ta sunʼiy intellekt laboratoriyalarini ishga tushirish.
2025 yil yakuniga qadar sunʼiy intellekt yo‘nalishida amalga oshirilayotgan loyihalar, dasturlar, startaplar va bepul onlayn kurslar haqidagi maʼlumotlarni aks ettiruvchi “ai.gov.uz” milliy portali ishga tushiriladi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab:
yoshlarning sunʼiy intellekt texnologiyalariga qiziqishini yana-da oshirish va rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Sunʼiy intellekt yo‘nalishida eng yaxshi startap” (President AI Award) tanlovi o‘tkaziladi;
davlat organlari, ustav fondi (ustav kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining raqamli transformatsiya holatini baholashda sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish ko‘rsatkichlari inobatga olinadi.
Reyting natijasiga asosan 2026 yil 1 martdan boshlab yiliga ikki marotaba eng yaxshi sunʼiy intellekt loyihalarini joriy etgan vazirlik va idoralar o‘rtasida “Sunʼiy intellekt bo‘yicha eng yaxshi loyiha” tanlovi o‘tkaziladi.