Sumec International Technology Oʻzbekistonga investitsiya kiritishni koʻrib chiqmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir o‘rinbosari Ilzat Kasimov Xitoyning Sumec International Technology kompaniyasi raisi (u SUMEC Corporation guruhi va SINOMACH korporatsiyasi tarkibiga kiradi) Xu Xayszin bilan uchrashdi.
1999-yilda tashkil etilgan Sumec International Technology kompaniyasi Xitoy sanoat sektorining yetakchi korxonalaridan biridir. 2024-yilda u Fortune China 500 reytingida 97-o‘rinni egallagan bo‘lib, yillik daromadi 14 milliard AQSh dollaridan, tashqi savdo aylanmasi esa 10 milliard dollardan oshgan. Kompaniya faoliyati 150 dan ortiq mamlakat va mintaqani qamrab olgan.
Uchrashuv davomida Sumec kompaniyasining O‘zbekistonda sanoat loyihalarini amalga oshirishdagi ishtiroki, xususan, uskunalar yetkazib berish va moliyaviy yechimlar taqdim etish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston tomoni agrar va metallurgiya sohalaridagi qo‘shma loyihalar bo‘yicha investitsion imkoniyatlar hamda yangi takliflarni taqdim etdi, shuningdek, Sumec kompaniyasining platformalari va tajribasidan foydalanish orqali o‘zbek mahsulotlarini Xitoy bozoriga ilgari surish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va aniq tashabbuslarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.