Sud fuqaro M.B.ning O'zbekistonda doimiy yashash joyini tasdiqladi
Sud fuqaro M.B.ning O'zbekistonda doimiy yashash joyini tasdiqladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Sud M.B. fuqarosining O‘zbekiston hududida doimiy yashab kelayotgani faktini tasdiqladi.
Yangiyer shahri adliya bo‘limi xabar qilishicha, M.B. mamlakatda uzoq muddat yashab kelayotganini rasman aniqlashda yordam so‘rab murojaat qilgan.
O‘rganishlar davomida fuqaro M.B. Tojikiston Respublikasida tug‘ilgani, millati o‘zbek ekani hamda 1997-yilda O‘zbekiston Respublikasiga ko‘chib kelib, shu vaqtdan buyon Yangiyer shahrida doimiy yashab kelayotgani aniqlandi.
Qonunchilikka muvofiq, o‘zini O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi deb tan olish to‘g‘risida murojaat qilgan shaxs ariza topshirgan kunga qadar mamlakat hududida kamida o‘n besh yil doimiy yashab kelgan va mazkur davr mobaynida boshqa davlat fuqaroligida bo‘lmagan bo‘lsa, u O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi deb tan olinadi.
Fuqarolik masalalarini hal etishda ayrim hollarda yashaganlik faktini sud tartibida aniqlash talab etilishi sababli, to‘plangan hujjatlar asosida Yangiyer shahar adliya bo‘limi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudiga fuqaroning O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaganlik faktini belgilash yuzasidan da’vo arizasi kiritildi.
Sud tomonidan ish atroflicha ko‘rib chiqilib, fuqaro M.B.ning mamlakatimiz hududida doimiy yashaganlik fakti tasdiqlandi.