Sud ekologik qoidabuzarliklar sababli “MAXAM-CHIRCHIQ” AJ faoliyatini to‘xtatdi
Sud ekologik qoidabuzarliklar sababli “MAXAM-CHIRCHIQ” AJ faoliyatini to‘xtatdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudining 2025 yil 26 noyabrdagi hal qiluv qarori bilan “MAXAM-CHIRCHIQ” AJning faoliyati ekologik kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar to‘xtatildi.
Sud maʼlumotlariga ko‘ra, kompaniya faoliyatida tekshirish o‘tkazilganda 11 ta holatda kamchilik aniqlangan. Jumladan chang-gaz tozalash uskunasining samaradorligi meʼyoriy hujjat talabiga javob bermaydi, ifloslantiruvchi moddalar belgilangan meʼyordan ortiq chiqarilmoqda, kimyoviy moddalar belgilangan hududda joylashtirilmagan, suv tarkibidagi kimyoviy moddalar ortiqcha chiqarilmoqda, kompensatsiya to‘lovlari o‘z vaqtida to‘liq amalga oshirilmagani qayd etilgan.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi aniqlangan qoidabuzarliklar bartaraf etilgunga qadar korxona faoliyatini to‘xtatish talabi bilan sudga murojaat qilgan.
“MAXAM-CHIRCHIQ” AJ — O‘zbekistonning yirik kimyo sanoati korxonalaridan biri bo‘lib, ammiak selitrasi, karbamid, azotli o‘g‘itlar va sanoat kimyoviy vositalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.