Stokgolmda migratsiya sohasidagi O‘zbekiston-Shvetsiya hamkorligini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Stokgolm shahrida O‘zbekiston Repsublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev boshchiligida mamlakatimiz delegatsiyasi Shvetsiya migratsiya vaziri Yoxan Forssell bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar chog‘ida migratsiya sohasida O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Vazirnning joriy yilning 24-25-iyun kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi davomida migratsiya sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida Qo‘shma deklaratsiya imzolangan. Ushbu safar xorij tomonining O‘zbekiston haqidagi tasavvurini tubdan o‘zgartirgan.
Y.Forssell O‘zbekistonda qonuniy migratsiyani rag‘batlantirishga qaratilgan islohotlar Shvetsiya bilan ushbu yo‘nalishda tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun keng imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi. Shu munosabat bilan Shvetsiya tomoni migratsiya va mobillik bo‘yicha Hukumatlararo bitim loyihasi yuzasidan muzokaralar jarayonini yakunlashga tayyorligini bildirdi.
Tomonlar ushbu sohada uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligini qayd etdilar. Jumladan, qonuniy migratsiyani rag‘batlantirish, mehnat migrantlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, O‘zbekiston migratsiya xizmatlari salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish orqali aloqalarni yanada mustahkamlashga kelishildi.