Valyuta kurslari 06/03/2026
$1 – 12175.53
UZS – -0,04%
€1 – 14151.62
UZS – 0,09%
₽1 – 155.08
UZS – -1,05%
Qidirish
Startap ekotizimini rivojlantirish bo'yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashning navbatdagi yig'ilishi Toshkentda bo'lib o'tdi

Startap ekotizimini rivojlantirish bo'yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashning navbatdagi yig'ilishi Toshkentda bo'lib o'tdi

Startap ekotizimini rivojlantirish bo'yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashning navbatdagi yig'ilishi Toshkentda bo'lib o'tdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 7-mart kuni Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etildi.

Mazkur yig‘ilish 2026-yil 11-fevralda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-59-sonli Qarorida belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etish hamda startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha dolzarb masalalarni muhokama qilish maqsadida o‘tkazildi. Ushbu qarorga muvofiq respublikada g‘oya shakllantirish, loyiha ishlab chiqish, uni ishga tushirish va masshtablashtirish jarayonlarini qamrab oluvchi to‘rt bosqichli startap ekotizimi joriy etilgan.

Kengash yig‘ilishini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha departamenti rahbari, Kengash raisi o‘rinbosari Bobur Xodjayev hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov ochib berdi. Tadbirda Kengash a’zolari, vazirlik va idoralar vakillari, oliy ta’lim muassasalari, tijorat banklari, venchur fondlar, biznes angellar hamda yosh startapchilar ishtirok etdi.

Yig‘ilish davomida startap ekotizimining 9 ta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha mas’ul tashkilotlar, oliy ta’lim muassasalari va tijorat banklari tomonidan qisqa hisobotlar taqdim etildi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha joriy holat, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda istiqboldagi maqsadli ko‘rsatkichlar muhokama qilindi. Jumladan, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt (IT, AI), qishloq xo‘jaligi texnologiyalari (AgriTech) hamda boshqa strategik yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar berildi.

Tadbir doirasida “Oliygohlar – startaplar generatori” dasturini joriy etish masalasi alohida muhokama qilindi. Mazkur dastur 2026-yil 1-sentabrdan boshlab ishga tushirilishi, uni amalga oshirish bo‘yicha tartiblar esa 2026-yil 1-mayga qadar tasdiqlanishi rejalashtirilgan. Xususan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘ratbay Sharipov hamda Toshkent shahridagi INHA universiteti rektori Bobur Abdullayev tomonidan oliy ta’lim muassasalarida inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini rivojlantirish, startap trekerlari hamda startap menejerlarini tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, hududlarda startap faoliyatini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Yoshlar ishlari agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Dilnozaxon Kattaxonova hududlarda “Startaplar klubi” ni tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi. Farg‘ona viloyati hokimining maslahatchisi Baxromjon Djalilov esa hududiy tajriba va amaliy natijalar bilan o‘rtoqlashdi.

Yig‘ilish davomida “Startaplar to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, jumladan qonun loyihasi konsepsiyasi hamda uni yanada takomillashtirish masalalari ham muhokama qilindi.

Tadbir yakunida xalqaro tashkilotlar vakillari, jumladan, Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) vakili Madina Nurmatova, Jahon banki va BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) ekspertlari startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi.

Kengash doirasida startap ekotizimi vakillari bilan ochiq va konstruktiv muloqot tashkil etildi. Unda startapchilar o‘zlarining innovatsion g‘oyalari, takliflari hamda amaliy tashabbuslarini tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha mas’ul rahbarlarga bevosita yetkazish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Muloqot davomida startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, moliyalashtirish mexanizmlarini kengaytirish, infratuzilma va institutsional sharoitlarni yaxshilash hamda innovatsion tashabbuslarni amaliyotga joriy etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, startapchilar uchun mavjud imkoniyatlar, davlat tomonidan yaratilayotgan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berilib, ularning loyihalarini rivojlantirishga qaratilgan amaliy tavsiyalar bildirildi.

Shu bilan birga, startapchilar o‘zlarining innovatsion g‘oyalari, takliflari hamda amaliy tashabbuslarini Startap ekotizimining yagona elektron platformasi orqali yetkazishi mumkinligi ma’lum qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling