So‘rov natijalari: shifokorlar korrupsiyani rad etmoqda, bemorlar esa to‘lashda davom etmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Birlamchi tibbiyot muassasalarida korrupsion omillarni aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovnomada jami 4 821 nafar respondent, shundan 1 968 nafar aholi va 2 853 nafar birlamchi tibbiyot muassasasi xodimi ishtirok etdi.
So‘rovning asosiy maqsadi — aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasida mavjud korrupsion omillarni aniqlash, shuningdek, ularning oldini olish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat.
Muammoning dolzarbligi: korrupsiya har qanday jamiyat rivojiga to‘sqinlik qiluvchi, fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchini susaytiruvchi jiddiy muammolardan biridir. Ayniqsa, aholining eng muhim ehtiyojlaridan biri bo‘lgan sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiyaning mavjudligi fuqarolarning sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanishiga to‘sqinlik qilib, ularning huquqlarini buzadi. Shu sababli, birlamchi tibbiyot muassasalaridagi korrupsion holatlarni aniqlash va ularga qarshi kurashish masalasi O‘zbekiston uchun o‘ta dolzarb hisoblanadi.
Aholi o‘rtasida:
So‘rovnoma ishtirokchilarining 49% shahar joylarida, 51% esa qishloq joylarida yashovchi aholidan iborat. Ularning 57% ayollar va 43% erkaklarni tashkil etdi.
Respondentlarning 41% 31-45 yoshdagilar, 27% 18-30 yoshdagilar, 21% 46-55 yoshdagilar, 9% 56-64 yoshdagilar va 2% 65 va undan yuqori yoshdagilarni tashkil etdi.
Ishtirokchilarning 65% poliklinika va oilaviy shifokorlik punktlarida tibbiy xizmatlardan foydalanishda tibbiyot xodimiga pul yoki sovg‘a (shifokor qabuliga tezroq kirish, yaxshiroq muomala yoki maʼlumotnoma (spravka)/mehnatga layoqatsizlik varaqasini olish maqsadlarida) bermaganligini bildirgan. 15% respondent esa bepul tibbiy xizmatdan foydalanishda tibbiyot xodimlariga pul yoki sovg‘alar berganligini taʼkidlagan. Shuningdek, 14% respondent bu kabi holatlarni eslay olmasligini, 6% ushbu savolni javobsiz qoldirishini bildirgan.
Yuqoridagi savolga ijobiy javob bergan respondentlarning 152 nafari bu holatda o‘zi tashabbuskor bo‘lganligini, 93 nafari esa tibbiyot xodimlari so‘raganligi yoki shaʼma qilganligini bildirdi. Shuningdek, 49 nafar respondent ushbu holat har ikki tomonning o‘zaro roziligi bilan amalga oshirilganligini taʼkidlagan.
Shuningdek, birlamchi tibbiyot muassasalarida yuqoridagi kabi norasmiy munosabatlarning (suyunchi, minnatdorlik, pora) qanchalik tarqalgani bo‘yicha respondentlar munosabati o‘rganildi. Unga ko‘ra, respondentlarning 39% oilaviy poliklinika va shifokorlik punktlarida bu kabi holatlar baʼzan kuzatilishini bildirgan bo‘lsa, 23% deyarli uchramasligini, 20% umuman uchramasligini va 17% juda keng tarqalganligini taʼkidlagan. Respondentlarning 1%i ushbu savolni javobsiz qoldirishni maʼqul deb topgan.
So‘rov natijalariga ko‘ra, 37% ishtirokchi bepul tibbiy xizmat uchun minnatdorlik sifatidagi korrupsiyaning eng ko‘p tarqalgan ko‘rinishi sovg‘a yoki pul berish ekanligini, 26% respondent xizmat uchun yashirincha pul olish ko‘rinishida va 5% boshqa ko‘rinishlarda kuzatilishi haqida fikr bildirgan bo‘lsalar, ishtirokchilarning 30% tizimda korrupsiya yo‘qligini taʼkidlagan. 2% respondent ushbu savolni javobsiz qoldirishni maʼqul deb topgan.
Birlamchi tibbiyot tizimida korrupsiyaning boshqa turlari borligini taʼkidlagan ishtirokchilar asosan tug‘ruqxonalarda suyunchi puli va shu kabi boshqa minnatdorchilik ko‘rinishida, tibbiyot xodimlari tomonidan bemorlarga o‘zlari manfaatdor bo‘lgan va hamkorlikda ishlaydigan farmatsevtika kompaniyalarining dori vositalariga asoslangan retseptlar tuzish ko‘rinishida, operatsiyalarni o‘tkazish ko‘rinishida uchrashini maʼlum qilgan.
Ishtirokchilarning xabardorligini baholash maqsadida birlamchi tibbiyot muassasalarida korrupsion holatlarga guvoh bo‘lganda qanday yo‘l tutishi yuzasidan savol berildi. Unga 37% respondent tibbiyot xodimlari tomonidan OP va OSHPlarda noqonuniy pul talab qilish holatlariga duch kelinganda tezlik bilan tegishli idoralarga habar berishini, 34% ehtimol xabar berishini, 16% bu savolga javob bera olmasligini va 13% hech kimga xabar qilmasligini bildirdi.
Shu bilan birga, “Nimalar sohada korrupsiyani keltirib chiqaruvchi asosiy omillar hisoblanadi?” degan savolga ishtirokchilarning 45% birlamchi tibbiyot muassasalari xodimlarining oylik maoshining pastligi, 36% odamlarning o‘zlari, 23% tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha targ‘ibotning sustligi va 22% sohaning to‘liq raqamlashtirilmaganini taʼkidladi. So‘rovnomaning mazkur savolida respondentlarga bir nechta javoblarni belgilash imkoniyati taqdim etilgan.
Ishtirokchilar birlamchi tibbiyotda xizmat sifatini oshirish va norasmiy munosabatlarni kamaytirish bo‘yicha quyidagi asosiy takliflarni ilgari surdi:
- sohada qog‘ozbozlikni kamaytirish;
- sohada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tibbiyot xodimlari va aholi o‘rtasida targ‘ibotni kuchaytirish;
- birlamchi tibbiyot tizimini to‘liq raqamlashtirish;
- tibbiy sug‘urta tizimini to‘liq ishga tushirish;
- foydalanish mumkin bo‘lgan bepul tibbiy xizmatlar paketi va dori vositalari to‘g‘risida axborot beruvchi maʼlumotlarni OP va OSHPlarda barcha uchun ko‘rinadigan joylarda bo‘lishini taʼminlash;
- tibbiyot xodimlarini bemorlar bilan konstruktiv va xizmat etikasiga rioya qilgan holda muloqot qilishga o‘rgatish.
Tibbiyot xodimlari o‘rtasida.
Respondentlarning 75% ayollar va 25% erkaklardan iborat.
So‘rovnomada ishtirok etgan tibbiyot xodimlarining 66% hamshiralar, 16% shifokorlar, 8% kichik tibbiy xodimlar, 10% birlamchi tibbiyot muassasalari rahbar lavozimlarida va birlamchi tibbiyot muassasalarida boshqa lavozimlarda band bo‘lganlarni tashkil etdi.
Respondentlarning 57% Oilaviy poliklinikalarda, 22% Oilaviy shifokorlik punktlarida va 21% boshqa muassasalarda faoliyat yurituvchi tibbiy xodimlaridan iborat.
So‘rovnoma ishtirokchilarining 36% o‘zlari ishlaydigan tibbiyot muassasalaridagi umumiy mehnat sharoitlaridan to‘liq qoniqishini bildirgan. Ularning 40% yaratilgan sharoitlardan qisman, 15% umuman qoniqmasligini maʼlum qilgan. Shuningdek, 9% ishtirokchilar ushbu savolga javob berishga qiynalishini bildirgan.
“Sizningcha, oilaviy poliklinikalar va oilaviy shifokorlik punktlarida (birlamchi tibbiyot) korrupsiya bormi?” degan savolga 56% respondentlar “yo‘q” deb javob bergan bo‘lsa, ularning 29% “bilmayman” deb, 12% esa “ha, bor” deb javob bergan. 3% respondentlar ushbu savolni javobsiz qoldirishni maʼqul deb topgan.
Respondentlarning 57% birlamchi tibbiyotda korrupsiya umuman yo‘qligini, 13% OP va OSHPlarga ishga kirishda, 8% yuqori turuvchi tashkilotlardan kelgan komissiyani “rozi” qilishda, 6% mehnatga layoqatsizlik varaqasini berishda, 5% bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda va 5% klinik davolanishga order berish munosabatlarida ko‘proq uchrashini maʼlum qilgan. 6% respondent ushbu savolni javobsiz qoldirishni maʼqul deb topgan.
“Sizningcha, birlamchi tibbiyot muassasalarida bemorlar yoki ularning yaqinlari tomonidan tibbiy xizmat uchun norasmiy “minnatdorchilik” (pul yoki sovg‘a) berish holatlari qanchalik tez-tez uchraydi?” degan savolga 58% respondent “umuman uchramaydi va menda bu kabi holatlar uchramagan” deb, 18% “kamdan-kam uchraydi”, 17% “baʼzan uchraydi” va 5% “juda tez-tez uchraydi” deb fikr bildirgan. 2% respondent ushbu savolni javobsiz qoldirishni maʼqul deb topgan.
Birlamchi tibbiyot muassasalarida bemorlar yoki ularning yaqinlari tomonidan tibbiy xizmat uchun norasmiy “minnatdorchilik” (pul yoki sovg‘a) berish holatlari uchrab turishini bildirgan respondentlarning 38%i tizimdagi bu kabi norasmiy minnatdorchilik tibbiyot xodimlarining oylik maoshlari pastligi sababli, 36% aholining o‘zida “shunday qilish kerak” degan tushuncha shakllanib qolgani sababli, 17% shu orqali xizmat sifatini yaxshilashga umid qilishi tufayli va 9% boshqa (xizmatimizdan mamnun búlgani uchun, sog‘ayib ketganliklari uchun xursandchilikdan, keyingi safar joy yo‘q, deb kaytarmaslik va yaxshi xizmat ko‘rsatishi uchun, bemorga qilingan chiroyli muomala va sifatli tibbiy xizmat uchun, tibbiyot xodimining tashabbusi va talabi) sabablarni asosiy omil sifatida ko‘rsatgan.
Shuningdek, respondentlarning 50% birlamchi tibbiyot tizimida yuqori turuvchi rahbariyat tomonidan xodimlardan norasmiy “yig‘imlar” yoki boshqa turdagi taʼmagirlikka yo‘l qo‘yish holatlari uchramasligini bildirgan. 18% ishtirokchi bu kabi holatlarni eshitganligi, lekin shaxsan guvohi bo‘lmaganini, 19% bu savolga javob berishga qiynalishini va 13% bunday holatlar uchrab turishini taʼkidlagan.
So‘rovnomada respondentlarning nafaqat korrupsiyaviy omillarga oid, balki ularning oldini olishga qaratilgan fikri o‘rganildi. Unga ko‘ra, ishtirokchilarning 48% tomonidan birlamchi tibbiyot muassasalarida ishlovchi tibbiyot xodimlarining oylik maoshini oshirish, 21% tomonidan aholi va tibbiyot xodimlarining huquqiy ongini oshirish, 14% tomonidan birlamchi tibbiyot muassasalarida tibbiyot xodimi va bemor o‘rtasidagi rasmiy munosabatlarni to‘liq raqamlashtirish, 7% tomonidan korrupsiyaviy omillarni yuzaga chiqmasligi uchun qatʼiy nazorat va jazo choralarini kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi. 10% respondent ushbu savolning javobini ochiq qoldirgan.
Respondentlar birlamchi tibbiyot tizimini yaxshilash va xodimlar uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha quyidagi asosiy takliflarni bildirdi:
- tibbiyot xodimlarining oylik maoshini oshirish;
- aholining tibbiy madaniyatini oshirish;
- sohani raqamlashtirish;
- tibbiyot muassasalarini zarur mutaxassislar bilan to‘liq taʼminlash;
- tibbiyot muassasalarida xonalar yetishmovchiligini bartaraf etish va ularni zarur infratuzilma bilan to‘liq taʼminlash.
Yakuniy xulosa va amaliy tavsiyalar.
So‘rov natijalari birlamchi tibbiyot sohasida korrupsion omillarning mavjudligini, garchi ularning tarqalish darajasi aholi va tibbiyot xodimlari tomonidan turlicha baholansa-da, yaqqol ko‘rsatmoqda. Aholining kattagina qismi (15%) norasmiy to‘lovlarga duch kelgan yoki ularni amalga oshirgan bo‘lsa, tibbiyot xodimlari bunday holatlarni kamdan-kam uchraydigan yoki umuman uchramaydigan holat sifatida baholaydi. Bu esa tizimdagi yashirin muammolar va shaffoflikning yetishmasligidan dalolat beradi.
Aniqlangan asosiy muammolar:
Aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan ishlab chiqilgan amaliy tavsiyalar: