Soliqqa oid nizolar bo‘yicha ekspert kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Soliqqa oid nizolar bo‘yicha ekspert kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi huzurida Soliqqa oid nizolarni sudgacha hal etish uchun tashkil etilgan ekspert kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman, Bosh prokuratura, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Soliq va Bojxona qo‘mitalari rahbariyati hamda tadbirkorlar ishtirok etdilar.
Mazkur kengash Prezidentning 2025 yil 11 iyuldagi «Soliqqa oid nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–223-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, 2025 yil 24 oktyabrda qabul qilingan 672-son Hukumat qarori bilan uning faoliyatini tartibga soluvchi nizom tasdiqlangan.
Kun tartibiga ko‘ra, Toshkent viloyati Angren shahridagi “Central Azia Chemicals” MCHJ faoliyatida yuzaga kelgan muammoli vaziyat, shuningdek Ekspert kengashining faoliyatini tashkil etish va uni yuritish bo‘yicha Reglamentni tasdiqlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Muhokamalar davomida tadbirkorlar bilan davlat organlari o‘rtasidagi soliq nizolarini tezkor, xolis va qonuniy tarzda hal qilishga xizmat qiladigan taklif va tavsiyalar shakllantirildi.
Yig‘ilish yakunida mutasaddi idoralarga soliq qonunchiligini takomillashtirish, mavjud bo‘shliq va ziddiyatlarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli takliflar yuborishga kelishib olindi.
Ekspert kengashining ishga tushishi tadbirkorlar manfaatlarini samarali himoya qilish, soliq masalalarida adolat va ochiqlikni taʼminlash yo‘lida muhim qadam sifatida baholandi.