Soliq kodeksiga kiritilayotgan yangi normalar aholiga bir qancha qulayliklar yaratmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning bugungi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama etildi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda davlat xizmatlarini ko‘rsatishda byurokratizm va maʼmuriy to‘siqlarni bartaraf etish, shu jumladan aholining masofadan turib elektron davlat xizmatlaridan mustaqil ravishda foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, aholi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda soliq maʼmuriyatchiligini yana-da takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, masofadan turib elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish va zarur hujjatlarni elektron shaklda rasmiylashtirishdan keng foydalanishni yana-da qo‘llab-quvvatlash, uning huquqiy asoslarini mustahkamlash zarurati yuzaga kelmoqda.
Shuning uchun Soliq kodeksiga elektron hujjatda uni imzolagan shaxsning roziligini ifodalaydigan hamda uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan elektron tasdiqlash usullaridan foydalanishga taalluqli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, ortiqcha undirilgan soliqlarni soliq to‘lovchining arizasiga muvofiq kelgusi to‘lovlar hisobiga kiritish muddati 15 kundan 3 kunga qisqartirilib, Chernobil AES halokati oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan fuqarolarning, shuningdek ularning erining (xotinining) ish haqi va boshqa daromadlari to‘liq daromad solig‘idan ozod etilmoqda.
Senatorlar o‘z chiqishlarida muhokama etilgan Qonunda masofadan turib elektron davlat xizmatlaridan foydalanishni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek ortiqcha undirilgan soliq summasini soliq to‘lovchining boshqa soliqlar bo‘yicha kelgusi to‘lovlari hisobidan hisobga olish tartibini yana-da soddalashtirish, ayrim toifadagi shaxslarga soliq imtiyozlarini berish o‘z aksini topganligini taʼkidlab o‘tdi.
Muhokama yakunida mazkur Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.