Valyuta kurslari 25/07/2025
$1 – 12653.48
UZS – -0,85%
€1 – 14871.64
UZS – -0,71%
₽1 – 159.75
UZS – -1,79%
Qidirish
O‘zbekiston 23/07/2025 Soddalashtirilgan tartibda ijro etiladigan ishlar toifasi kengaytirilmoqda

Soddalashtirilgan tartibda ijro etiladigan ishlar toifasi kengaytirilmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “Ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 43-1-moddasiga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ma’lumki, ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibida undiruvni qarzdorning mol-mulkiga (bundan pul mablag‘lari mustasno) qaratmagan hamda qarzdorga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llamagan holda amalga oshiriladi.

Mazkur qonun loyihasi bilan soddalashtirilgan tartibda ijro etiladigan ijro ishlari toifasi kengaytirilmoqda. Xususan, videokonferensaloqa xarajatlarini, kommunal xizmatlar hamda ko‘p kvartirali uylar mulkdorlarining majburiy badallarini yoki to‘lovlar bo‘yicha qarzdorliklarni, shuningdek, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi ijro hujjatlarini soddalashtirilgan tartibda ijro etish nazarda tutilmoqda.

Ushbu qonun loyihasi undiruv samaradorligini oshirishga, murakkab bo‘lmagan ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorlarning yashash joyiga borib, ularni ortiqcha bezovta qilish holatlarining oldini olishga, shuningdek, qarzdorga nisbatan ta’qiq va cheklovlarni qo‘llamagan holda undiruvni amalga oshirishga imkoniyat yaratadi.

Majlisda qonun loyihasi yuzasidan bir qator savollar o‘rtaga tashlandi. Jumladan, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Dilbar Mamajonova ushbu qonun loyihasi fraksiya yig‘ilishida atroflicha muhokama qilinganini qayd etib, ayrim masalalarga e’tibor qaratdi. Xususan, bugungi kunda ko‘p qavatli uy-joylar, kommunal xizmatlar bilan bog‘liq muammolar aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgani, ya’ni kommunal tashkilotlar va boshqaruv servis kompaniyalarining aholiga xizmat ko‘rsatish sifati bugungi kunda juda pastligi aytildi. Shuningdek, ijro hujjatlari bo‘yicha undiruv nogironligi bor shaxslar, ehtiyojmand aholi qatlamlari ish haqi, stipendiyasi, pensiyasidan ushlab qolinadigan bo‘lsa, ehtiyojmand aholi qatlamini qiynab qo‘ymaymizmi? degan savolni o‘rtaga tashladi.

Qonun tashabbuskorlari bu bo‘yicha atroflicha tushuntirish berib o‘tishdi.

Qizg‘in savol-javoblardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling