SOCAR Buxoro neftni qayta ishlash zavodining samaradorligini oshirish loyihasida ishtirok etishni rejalashtirmoqda
SOCAR Buxoro neftni qayta ishlash zavodining samaradorligini oshirish loyihasida ishtirok etishni rejalashtirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov SOCAR kompaniyasining sho‘ba korxonalari — SOCAR Trading va SOCAR Downstream Management rahbariyatini qabul qildi.
Muzokaralarda SOCAR Trading kompaniyasining davlat organlari bilan global aloqalar bo‘yicha direktori N. Aliyev hamda SOCAR Downstream Management kompaniyasi Bosh direktorining maslahatchisi G. Mikailov ishtirok etdi.
Tomonlar O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklik Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani va so‘nggi yillarda izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladilar. Yuqori darajadagi siyosiy muloqot neft-gaz sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mustahkam asos yaratayotgani qayd etildi.
SOCAR vakillari “O‘zbekneftgaz” AJ bilan Buxoro neftni qayta ishlash zavodi faoliyati samaradorligini oshirish yo‘nalishida hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirdilar. Uchrashuv davomida zamonaviy operatsion texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish hamda energetik samaradorlikni oshirish bo‘yicha takliflar taqdim etildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar. Shuningdek, texnik audit o‘tkazish va keyingi qadamlar bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish maqsadida Ozarbayjon tomoni ishchi guruhining korxonaga tashrifini tashkil etishga kelishib olindi.