SMTI va Amerikaning "Love Your Neighbor Community" NNT o‘rtasida Memorandum imzolandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bugun Toshkentda "Deklaratsiyalar muloqoti" II xalqaro forumi o‘z ishini boshladi.
Forumda AQSH, Buyuk Britaniya, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Indoneziya va Markaziy Osiyo davlatlari kabi 15 ta mamlakatdan 50 ga yaqin yetakchi dinshunos, ilohiyotshunos, ekspert va yuqori martabali shaxslar ishtirok etmoqda.
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Ruslanbek Davletov, IHT Bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Yusuf Aldobey, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, LYNC vakili Kris Saypl, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev va AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik tadbir ochilishida nutq so‘zladilar.
Forum davomida SMTI va Amerikaning "Love Your Neighbor Community" (LYNC) nodavlat tashkiloti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat diniy e’tiqod erkinligi va diniy bag‘rikenglikni ilgari surish bo‘yicha kelgusida birgalikda ish olib borish uchun huquqiy asos yaratadi. O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2018-yilda ilgari surilgan BMT Bosh Assambleyasining "Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik" maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirish doirasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratiladi.
Memorandum imzolanishini sharhlar ekan, LYNC rahbari Ueyd Kyuzak "SMTI bilan hamkorlik shunchaki yaxshi g‘oyalarni muhokama qilish emas, balki bu g‘oyalar jamiyatda qanday amalga oshirilishi mumkinligi va amalga oshirilishi kerakligini amaliy rivojlantirishdan iborat"ligini ta’kidladi. Shu nuqtayi nazardan, uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentdagi "Deklaratsiyalar muloqoti" forumi shunchaki suhbat emas, balki O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarning diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash sohasidagi modellarini amalda joriy etishdir.
Eslatib o‘tamiz, Forum SMTI tomonidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Samarqand viloyati hokimligi ko‘magida LYNC bilan hamkorlikda tashkil etildi.
LYNC – 2017-yilda AQShda tashkil etilgan. Davlat organlari, fuqarolik tashabbuslari va diniy jamoalar bilan hamkorlikda LYNC vijdon erkinligi, mas’uliyatli fuqarolik, o‘zaro ishonch va turli ijtimoiy guruhlarning o‘zaro hamkorligini mustahkamlashga hissa qo‘shadi.