Valyuta kurslari 13/03/2026
$1 – 12102.39
UZS – -0,27%
€1 – 13990.36
UZS – -0,55%
₽1 – 153.08
UZS – -0,21%
Qidirish
SMTI: O‘zbekiston va Tojikiston yagona iqtisodiy makonni barpo etmoqda

SMTI: O‘zbekiston va Tojikiston yagona iqtisodiy makonni barpo etmoqda

SMTI: O‘zbekiston va Tojikiston yagona iqtisodiy makonni barpo etmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 12-mart kuni Toshkentda "O‘zbekiston-Tojikiston: ittifoqchilik va mintaqaviy hamkorlikning yangi istiqbollari" mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Ikki mamlakatning yetakchi ekspertlari, mutaxassislari, olimlari va tahliliy, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etgan ushbu tadbir Markaziy Osiyo xalqaro instituti tomonidan tashkil etildi va ikki tomonlama hamkorlikning asosiy masalalari bo‘yicha mazmunli fikr almashish uchun muhim ekspert maydoniga aylandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov o‘z nutqida O‘zbekiston-Tojikiston hamkorligini yanada chuqurlashtirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Ekspert ta’kidlaganidek, bugungi kunda geografik yaqinlik, iqtisodiyotlarning bir-birini to‘ldirishi va bir-birining raqobatdosh ustunliklaridan foydalanish tamoyillari asosida umumiy ishlab chiqarish-texnologik makonni shakllantirish alohida dolzarblik kasb etmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, "bu tashqi shoklarga qaramlikni kamaytirish, qimmat import o‘rnini bosish, iste’mol narxlarini pasaytirish va iqtisodiyotning istiqbolli tarmoqlariga investitsiyalar uchun qo‘shimcha resurslarni bo‘shatish imkonini beradi. Pirovardida bunday hamkorlikdan fuqarolarimiz manfaatdor bo‘ladi."

Akramjon Ne’matov so‘zida davom etib, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasining rivojlanishi uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda chiqish istiqbollarini ochishini ta’kidladi. "Gap, avvalo, Afg‘oniston va Janubiy Osiyo davlatlarining eng yaqin bozorlari haqida bormoqda, u yerda aholi soni o‘sishi, iqtisodiyotning rivojlanishi va vaziyatning bosqichma-bosqich barqarorlashishi bilan sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga talab ortadi," - deb hisoblaydi u.

Ekspert energetika sohasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish va suv-energetika konsensusini mustahkamlash zarurligini ta’kidlab, bahs-munozaralardan Zarafshon daryosi havzasida GESni birgalikda qurishga o‘tish bo‘yicha mintaqa uchun noyob tajribani eslatdi. Bu, uning so‘zlariga ko‘ra, energiya tizimlarining ekologik barqarorligi va muvozanatini kafolatlaydi.

Suvdan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida Akramjon Ne’matov irrigatsiya tizimlarini birgalikda modernizatsiya qilish va kichik gidroelektr stansiyalarini qurish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif qildi. Uning fikricha, bu, ayniqsa, Markaziy Osiyo suv resurslarining qariyb 80 foizini tashkil etuvchi muzliklarning jadal erishi fonida dolzarbdir.

"Yashil" taraqqiyotga o‘tish bo‘yicha hamkorlikni faollashtirish ham muhim qadam sifatida qayd etildi. Ekspertning fikricha, o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning Tojikistonda quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalarida kabel mahsulotlari, transformatorlar va metall konstruksiyalar yetkazib beruvchilar sifatida ishtirok etishi istiqbolli hisoblanadi.

Bundan tashqari, aniq dehqonchilik texnologiyalarini joriy etish va suvdan foydalanishni optimallashtirish uchun Amudaryo havzasidagi chegaraoldi hududlarning yagona sun’iy yo‘ldosh monitoringi platformasini yaratishni nazarda tutuvchi chegaraoldi hududlarda qishloq xo‘jaligi yerlarini raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shma dasturni ishga tushirish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif etildi.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasiga to‘xtalar ekan, Akramjon Ne’matov ikki mamlakat iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldirib turishini ta’kidladi. "Bizning afzalliklarimizni birlashtirish, ayniqsa, mintaqa davlatlari ko‘p jihatdan alohida oziq-ovqat mahsulotlari importiga bog‘liqligini hisobga olsak, sezilarli sinergetik samarani ta’minlashi mumkin," - dedi u.

Ekspert istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida chegaraoldi hududlarda ishlab chiqarish-logistika zanjirlarini rivojlantirgan holda agrosanoat klasterlarini tashkil etishni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, "tog‘-organik dehqonchilik, quruq meva va sabzavotlarni qayta ishlash, sut-go‘sht va chorvachilik klasterlarini tashkil etish logistika xarajatlarini kamaytirish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining o‘zaro savdosini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi."

Shu bilan birga, SMTI vakili qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini diversifikatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi. Bu paxtadan yong‘oq, bodom, rezavor mevalar, dorivor o‘simliklar, yopiq gruntda  o'stiriladigan sabzavot ekinlari  kabi yuqori daromadli ekinlarga bosqichma-bosqich o‘tishni, shuningdek, uzumchilik va bog‘dorchilikni rivojlantirishni nazarda tutadi.

"Energetika va qishloq xo‘jaligidagi samarali hamkorlik suv resurslaridan yanada oqilona foydalanishga yordam beradi, bu nafaqat mamlakatlarimiz, balki butun mintaqaning suv-ekologik muvozanatini saqlashda muhim ahamiyatga ega," - dedi ekspert.

Akramjon Ne’matov eksport salohiyatini samarali ro‘yobga chiqarish uchun transport-logistika yo‘nalishlarining ko‘p variantli tizimini shakllantirish zarurligini ta’kidladi. Xususan, "Fotehobod - Oybek" chegara o‘tkazish punkti negizida amalga oshirilayotgan loyihaga o‘xshash tarzda chegaraoldi hududlarda yangi quruqlik portlari va multimodal markazlar tashkil etish taklif etildi.

Akramjon Ne’matov o‘z nutqini yakunlar ekan, bugungi kunda O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlarining yangi modeli - strategik pragmatizm, tarixiy-madaniy yaqinlik va uzoq muddatli rivojlanish maqsadlarining mos kelishiga asoslangan ittifoqchilik modeli shakllanayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday model butun Markaziy Osiyoning barqarorligi va mustahkamligining asosiy omillaridan biriga aylanmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling