SMTI direktori AQSh Kongressida "Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li" kitobining taqdimotida ishtirok etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 16-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi doirasida AQSH Kongressining eng yirik va muhim ofis majmualaridan biri bo‘lgan "Reyburn House Office Building" binosida "Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li" kitobining taqdimoti tashkil etildi, deya xabar beriladi SMTI sahifasida.
Tadbirda Kongress, Oq uy, Davlat departamenti, AQSHning asosiy vazirlik va idoralari, yetakchi kompaniya va biznes uyushmalari vakillari, shuningdek, ekspertlar va jurnalistlardan iborat 70 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
Tadbirning rasmiy qismini O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Sidiqov va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ochib berdi.
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov ham so’zga chiqdi.
SMTI direktori taniqli siyosatshunos, senator, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov muallifligidagi kitob mazmuni haqida batafsil ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, asarda Shavkat Mirziyoyev tomonidan so‘nggi sakkiz yil ichida boshlangan va amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy bosqichlari va yo‘nalishlari qayd etilgan, shuningdek, ularning mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy rivojlanishiga ta’siri ochib berilgan.
"Biz alohida voqeylik - O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi chuqur o‘zgarishlarni aks ettiruvchi kitobni taqdim etish uchun yig‘ildik. Bu shunchaki islohotlar yoki qisqa vaqt ichida keng ko‘lamli o‘zgarishlarni boshlash va amalga oshirishga muvaffaq bo‘lgan Rahbar haqidagi asar emas. Ushbu kitob O‘zbekiston kirib kelayotgan yangi davrning guvohidir," - dedi SMTI direktori.
Ekspert kitobni nafaqat islohotlar solnomasi, balki bugungi kunda Markaziy Osiyoda barqarorlik va birdamlik drayveri vazifasini bajarayotgan mustahkam, jadal rivojlanayotgan va o‘ziga ishongan mamlakat sifatida Yangi O‘zbekistonning qaror topishi ramzi sifatida ta’rifladi.
Eldor Aripov nashrda keltirilgan fikr-mulohazalar milliy islohotlar xalqaro birdamlikni qanday mustahkamlashi va barcha uchun yorqin kelajak qurishga qanday hissa qo‘shishi mumkinligi haqidagi keng qamrovli muhokamalarga turtki bo‘lishiga umid bildirdi.
Taqdimot doirasida tadbir ishtirokchilari o‘rtasida mazmunli muhokamalar o‘tkazilib ularda Amerika davlat tuzilmalari, ishbilarmonlar va ekspertlar vakillari Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyati hamda ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollari haqida o‘z fikrlarini bildirdilar.
Umuman olganda, AQSH Kongressi binosida o‘tkazilgan "Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li" kitobining taqdimoti O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlarni muhokama qilish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi hamda siyosiy va ekspert doiralarida keng qiziqish uyg‘otdi. Mazkur tadbir Prezident rahbarligida mamlakatni modernizatsiya qilish va ochiqlik siyosatini yuritish yo‘lida erishilgan yutuqlarning e’tirofi sifatida namoyon bo‘ldi. Shuningdek, bu O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi strategik hamkorlik yanada chuqurlashayotganining namunasi bo’ldi.