SMTI delegatsiyasi Tojikistonning ilmiy-akademik va siyosiy-diplomatik doira vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 30-aprel - 1-may kunlari SMTI direktorning birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov boshchiligidagi institut delegatsiyasi "Zamonaviy global o‘zgarishlar sharoitida Markaziy Osiyo mamlakatlari integratsiyasi" mavzusidagi mintaqaviy konferensiyada ishtirok etish uchun Dushanbega tashrif buyurdi. Safar davomida Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi, Tojikiston Milliy fanlar akademiyasining Osiyo va Yevropa mamlakatlari muammolarini o‘rganish instituti, Rossiya-Tojikiston (Slavyan) universiteti Geosiyosiy tadqiqotlar markazi va Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi rahbariyatlari bilan bir qator uchrashuvlar o’tqazildi.
Uchrashuvlar davomida tomonlar mintaqaviy hamkorlikning hozirgi holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar. Bugungi kunda Markaziy Osiyo o‘z taraqqiyotining sifat jihatidan yangi bosqichiga o‘tgani ta’kidlandi. Muvofiqlashtirilgan harakatlar tufayli mintaqa davlatlari davlatlararo hamkorlikning yangi modelini shakllantirishga, ko‘p tomonlama sheriklikning izchil rivojlanishini ta’minlashga va Markaziy Osiyoning xalqaro munosabatlarda mas’uliyatli hamda ishonchli subyekt sifatidagi o‘rnini mustahkamlashga erishdilar.
Siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, iqtisodiy kun tartibini amaliy mazmun bilan boyitish va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish orqali mintaqaviy yaqinlashuv jarayonlarining barqaror sur’atini saqlab qolish muhim ekani alohida ta’kidlandi.
Bo‘lib o‘tgan muzokaralar doirasida tomonlar ekspertlar muloqotini yanada chuqurlashtirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Ilmiy aloqalarni kengaytirish, qo‘shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish hamda ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha tadbirlar tashkil etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.