Valyuta kurslari 14/11/2025
$1 – 11985.10
UZS – 0,11%
€1 – 13923.09
UZS – 0,51%
₽1 – 148.86
UZS – 0,91%
Qidirish
Skolkovo jamg'armasi va O'zbekiston sun'iy intellekt sohasida hamkorlikni yo'lga qo'ymoqda

Skolkovo jamg'armasi va O'zbekiston sun'iy intellekt sohasida hamkorlikni yo'lga qo'ymoqda

Skolkovo jamg'armasi va O'zbekiston sun'iy intellekt sohasida hamkorlikni yo'lga qo'ymoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Rossiyaning “Skolkovo” fondi Strategik xalqaro hamkorlik, bilim va texnologiyalar transferi bo‘yicha boshqaruvchi direktori Timur Kornilov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish hamda sun’iy intellekt sohasidagi istiqbolli tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

“Skolkovo” fondining O‘zbekistonga tashrifi doirasida bir qator muhim tashabbuslarni amaliyotga tatbiq etish rejalari belgilandi. Xususan, O‘zbekistonda “Skolkovo” sun’iy intellekt texnohabini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishish, shuningdek, asosiy tarmoqlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish maqsadida 2–3 ta qo‘shma pilot loyihalar portfelini shakllantirish ko‘zda tutilgan.

Uchrashuvda texnohabni yaratish jarayonida tegishli vazirlik va idoralar ishtirokini ta’minlash, uni mamlakatning milliy raqamli ekotizimiga integratsiya qilish masalalari ham batafsil muhokama qilindi.

Muloqot davomida “Digital Uzbekistan 2030” strategiyasi doirasida sun’iy intellekt infratuzilmasini rivojlantirish, ilg‘or xalqaro tajribani joriy etish hamda hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha yangi yondashuvlarni ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

O‘z navbatida, vazir zamonaviy qishloq xo‘jaligini sun’iy intellektsiz tasavvur etib bo‘lmasligini qayd etdi. U raqamli texnologiyalar agrar tarmoqda samaradorlik va barqarorlikni ta’minlashning eng muhim omiliga aylanganini ta’kidlarkan, bu yo‘nalishda amaliy hamkorlikni kengaytirish va ilg‘or yechimlarni joriy etish zarurligini alohida urg‘uladi. Shuningdek, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini tatbiq etish bo‘yicha xalqaro tajriba almashishga tayyor ekanini bildirdi.

Aytish joizki, mazkur tashabbuslar O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lib, mamlakatda sun’iy intellekt ekotizimini shakllantirishga xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling