Sirdaryoda 700 mln so‘mlik iPhone kontrabandasi to‘xtatildi
Sirdaryoda 700 mln so‘mlik iPhone kontrabandasi to‘xtatildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Sirdaryo viloyatida mobil qurilmalarning yirik partiyasini noqonuniy olib kirishga urinish bartaraf etildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.
Qonunbuzarlik Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasining kontrabandaga qarshi kurash bo‘limi tomonidan olingan tezkor maʼlumotlar asosida aniqlangan.
Davlat bojxona qo‘mitasining Targetlash va xavf-xatarlarni monitoring qilish boshqarmasi xodimlari, Davlat xavfsizlik xizmati harbiy qismi tezkor bo‘linmasi va viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan maxsus tadbir doirasida Spark rusumli avtomobil to‘xtatildi.
Avtomobil avvaldan kuzatuv ostiga olingan fuqaroga tegishli bo‘lib, u Sirdaryo tumani hududidan o‘tuvchi M-39 avtomobil yo‘lida to‘xtatildi.
Transport vositasi ko‘zdan kechirilganda, bagaj bo‘limida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tmagan va IMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan xorijda ishlab chiqarilgan mobil telefonlar aniqlandi. Shuningdek, qurilmalarga oid hujjatlar ham mavjud emasligi maʼlum bo‘ldi.
Tekshiruv natijasida avtomobilda jami 35 ta smartfon borligi aniqlandi. Ulardan 30 tasi iPhone 17 Pro Max modeli, yana 5 tasi esa iPhone 17 Pro telefoni ekani maʼlum qilindi.
Dastlabki baholashlarga ko‘ra, musodara qilingan texnika umumiy qiymati taxminan 700 million so‘mni tashkil etadi.
Aniqlangan mobil qurilmalar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi va vaqtincha saqlash uchun joylashtirildi. Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.