Sirdaryo viloyatida Vengriya texnoparki va "aqlli qishloqlar" tashkil etish rejalashtirilmoqda
Sirdaryo viloyatida Vengriya texnoparki va "aqlli qishloqlar" tashkil etish rejalashtirilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyati xalq deputatlari Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida vengriyalik tadbirkorlar ishtirokida amalga oshiriladigan, hudud iqtisodiyotini rivojlantirish va xo‘jalik faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi investitsiya loyihalarini taqdim etdi.
Xovos tumanida 50 gektar yer ajratilishi orqali 300 million dollarlik investitsiyaga ega texnopark barpo etish rejalashtirilgan. Viloyat hokimligiga Vengriyaga borib, hududning investitsiya salohiyatini taqdim etish va loyihalar to‘plamini shakllantirish topshirildi.
Vengriya tomoni Xovosning 2 ta mahallasida “aqlli qishloq” dasturini amalga oshirish taklifini bergan. Bunda mahallaga ajratilayotgan mablag‘lar shaffofligi, ehtiyojmand oilalarga berilayotgan ko‘mak, bo‘sh ish o‘rinlari, tadbirkorlar uchun imkoniyatlar yagona ochiq tizim orqali aholiga eʼlon qilib boriladi.
Viloyat hokimligi va Boshqaruv samaradorligi agentligiga vengriyalik hamkorlar bilan ushbu yangi tajribani boshlash topshirildi.