Sirdaryo viloyati delegatsiyasi Yaponiya kompaniyalari bilan investitsiya loyihalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi
Sirdaryo viloyati delegatsiyasi Yaponiya kompaniyalari bilan investitsiya loyihalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yaponiyada Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligidagi delegatsiyamiz Yaponiyada qator muhim va mazmunli uchrashuvlar o‘tkazdi.
Xususan, Kodaira Kogyo Co., Ltd., Asari Kogyo Co., Ltd. hamda Transnational Diversified Group, Inc. kompaniyalari rahbariyati bilan muzokaralar olib borildi. Uchrashuvlarda ishlab chiqarish, texnologiya va sanoat sohalarida o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, delegatsiya Aglis Co & Ltd kompaniyasining issiqxona xo‘jaligi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Erkinjon Turdimov kompaniya prezidenti N. Xiroyuki bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan alohida muzokaralar o‘tkazdi. Unda zamonaviy agrotexnologiyalarni Sirdaryo viloyatida joriy etish imkoniyatlari muhokama markazida bo‘ldi.
Kunning ikkinchi yarmida “Sirdaryoda biznes qiling!” shiori ostida yaponiyalik va sirdaryolik tadbirkorlar ishtirokida biznes-forum o‘tkazildi. Forum doirasida viloyatning investitsion jozibadorligi taqdim etildi, qator B2B va G2B formatdagi uchrashuvlar tashkil qilindi. Natijada kelgusida amalga oshiriladigan aniq hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.
Shuningdek, Erkinjon Turdimov Motoxiro Oono — Yaponiyaning Saytama prefekturasi gubernatori bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot davomida mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, logistika va oziq-ovqat sanoati kabi ustuvor sohalarda hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.