Sirdaryo tumanida advokat 5500 AQSh dollarini undirib olgani uchun qo‘lga olindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Sirdaryo tumanidagi advokatlik byurosi advokati o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda, tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi tariqasida jalb qilinib, hozirda Xovos tumanidagi 8-son Tergov hibsxonasida saqlanayotgan fuqaroni Sirdaryo tuman IIB vaqtincha saqlash hibsxonasiga o‘tkazish hamda keyinchalik jinoyat ishini sudda uning foydasiga ijobiy hal qilib berish evaziga 5500 AQSH dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Prokuratura organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda advokat 4500 AQSH dollari va 6 mln. so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Taʼkidlash lozimki, advokat jinoyat ishiga gumonlanuvchining huquqlarini himoya qilish maqsadida davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish uchun jalb qilingan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.