Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasiga (IES) turbina ishini tiklash uchun yangi rotor yetkazib berildi
Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasiga (IES) turbina ishini tiklash uchun yangi rotor yetkazib berildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Sirdaryo viloyatida Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan quvvati 1500 MVt bo‘lgan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi foydalanishga topshirildi.
Ushbu elektr stansiyasining 2-sonli gaz turbinasida rotor nosozligi kuzatilgan. Stansiya ishini tezkor tiklash maqsadida, investor hamda ishlab chiqaruvchining kafolatli shartnomaviy majburiyatlariga asosan Yaponiyaning “Mitsubishi” kompaniyasida yangi rotor qisqa muddatda tayyorlanib, maxsus reys bilan 8 dekabr kuni Toshkent xalqaro aeroportiga olib kelindi.
Og‘irligi 114 tonna bo‘lgan qurilma aeroportdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektr stansiyasi maydoniga yetkazildi.
Yangi rotorni o‘rnatish va sinov-sozlash ishlari taxminan bir oy vaqt talab qiladi.
Bu quvvatlarni qoplash maqsadida qo‘shimcha zaxiradagi va yangi ishga tushirilyotgan bloklardan foydalanilmoqda.
Hozirgi kunda havo bulutli (kam quyoshli) bo‘layotganligi va kunlar qisqaligi hisobidan quyosh fotoelektr stansiyalari orqali elektr energiyasini ishlab chiqarish kamaygan. Shu sababli, ishlab chiqarish va iste’mol balansini tartibga solish, ularning muvozanatini saqlash maqsadida ayrim hududlarning elektr ta’minotida asosan iste’mol ortgan pallalarda (17:00-21:00 lar oralig‘ida) qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi mumkin. Agar bunga zarurat tug‘ilsa, iste’molchilar oldindan xabardor qilinadi. Bunday choralar elektr ta’minoti barqarorligi va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.
Energetika vazirligi keltirilgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so'radi va barcha ishlar elektr ta'minotining xavfsizligi va barqarorligini ta'minlash uchun investorlar, pudratchilar va tegishli idoralar bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirilayotganini ta'kidlaydi.