SIBOS 2025 natijalari: Octobank jahon bozoridagi mavqeini mustahkamladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Octobank 2025-yil 29-sentabrdan 2-oktabrgacha Frankfurtmayn shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro SIBOS forumida ishtirok etdi. Ushbu forum an’anaviy ravishda dunyoning yetakchi moliya institutlari, texnologik kompaniyalari hamda regulyatorlarini bir joyga jamlaydi.
Bu yilgi tadbirda Octobank ilk bor eksponent sifatida qatnashdi. Bu esa bank rivojlanishidagi muhim bosqich hamda o‘zining innovatsion raqamli yechimlarini xalqaro moliya hamjamiyatiga taqdim etish imkoniyati bo‘ldi.
Octobank Boshqaruv raisi o‘rinbosari Xamid Jumaev shunday dedi:
«SIBOSda eksponent maqomida ishtirok etish — bu bizning rivojlanish strategiyamizdagi mantiqiy bosqich bo‘lib, tanlangan yo‘lning to‘g‘riligini tasdiqlaydi. Biz texnologiyalar va mijozlar ehtiyojlari qanchalik tez o‘zgarayotganini yaqqol ko‘rib turibmiz. Bizning maqsadimiz — o‘zgarishlarga ergashish emas, balki ularni joriy etishda yetakchi bo‘lishdir.»
Forum doirasida Octobank jamoasi 20 dan ortiq mamlakat — jumladan AQSh, Turkiya, Hindiston, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari, Vengriya va boshqalardan tashrif buyurgan banklar, fintex-kompaniyalar va sohaviy tashkilotlar bilan 40 dan ortiq ishbilarmonlik uchrashuvlarini o‘tkazdi.
Muzokaralar natijasida NASDAQ, Ghazanfan Bank, Banco De Comercio e Industria, Misyon Bank, Arab African Int. Bank, Aktif Bank, HDFC Bank kabi yirik moliya institutlari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.
Muloqotlar davomida raqamli to‘lovlar, biznes uchun yechimlar, qo‘shma texnologik tashabbuslar va servislarni lokallashtirish masalalari muhokama qilindi.
Octobank G’aznachilik departamenti direktori Usmonqul Shomayramov ta’kidlashicha:
«Bizning diqqat markazimiz - savdoni moliyalashtirish, FX bozori, pul vositalari va kastodiya xizmatlari. Biz g‘aznachilik xizmatlarini yanada moslashuvchan, texnologik va samarali qilayotganimizdan faxrlanamiz.
Reuters va Bloomberg tufayli Octobank bozor bilan real vaqt rejimida ishlaydi va mijozlarga jahon standartlariga mos keladigan yechimlarni taklif etadi. SIBOSda biz hamkorlar bilan o‘zaro tushunishga erishdik, jumladan, vakillik hisoblarini ochish bo‘yicha va keyingi ishchi uchrashuvlarni rejalashtirdik»
SIBOS-2025da ishtirok etish Octobankka xalqaro aloqalarni mustahkamlash, hamkorlik tarmog‘ini kengaytirish va o‘z yechimlarining global moliya bozorida dolzarbligini tasdiqlash imkoniyatini berdi.
SIBOS — moliyaviy xizmatlar va texnologiyalar sohasidagi eng yirik xalqaro forum bo‘lib, u har yili yetakchi bank hamjamiyati vakillari, fintex-kompaniyalar va regulyatorlarni tendensiyalar muhokamasi, tajriba almashish va hamkorlik o‘rnatish uchun birlashtiradi.
Bu yil SIBOS turli mamlakatlardan 12 000 dan ortiq ishtirokchini to‘pladi.
Reklama