Shvetsiya va Oʻzbekiston barqaror konchilik sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi
Shvetsiya va Oʻzbekiston barqaror konchilik sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Stokgolm shahrida “Shvetsiya va O‘zbekiston: barqaror tog‘-kon sanoati bo‘yicha hamkorlik istiqbollari” mavzusida qo‘shma biznes-forum bo‘lib o‘tdi.
Shvetsiyadagi O‘zbekiston elchixonasi va Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon va geologiya vazirligi, “NKMK” AJ, “OKMK” AJ, “O‘zbekko‘mir” AJ, shuningdek Shvetsiyaning tog‘-kon sanoati, muhandislik, sanoat uskunalari va texnologiyalar sohasida faoliyat yurituvchi yetakchi kompaniya va tarmoq tashkilotlar, xususan Epiroc, Volvo CE, Sandvik, SKF, EOL Vent, LKAB, Ericsson, Brokk, SIDA, Swemin kabi kompaniyalar vakillari ishtirok etishdi.
Forum davomida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, xususan tog‘-kon sanoatini modernizatsiya qilish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida taqdimotlar o‘tkazildi.
Ishtirokchilar ikki mamlakat o‘rtasida sanoat, investitsiya va texnologiyalar sohasidagi hamkorlik izchil rivojlanayotganini taʼkidladilar.
Tadbir yakunida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida B2B muzokaralar tashkil etildi. Unda qator yangi hamkorlik yo‘nalishlari, jumladan texnologiyalar transferi, sanoat kooperatsiyasi va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Shvetsiya xalqaro taraqqiyot hamkorligi agentligi (Sida) va Shvetsiya tog‘-kon sanoati korxonalari uyushmasi (Svemin) bilan universitetlar o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. Shuningdek, Shvetsiya davlat innovatsiya tizimlari agentligi (Vinnova) ko‘magida istiqbolli qo‘shma ilmiy-amaliy innovatsion loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik masalalari muhokama qilib olindi.